Internetda rasm sotib pul ishlashni o‘rganamiz! (1-qism)

Internetda rasm sotib pul ishlashni o‘rganamiz! (1-qism)

Internetda fotograf yoki YouTube'chi sifatida pul topish uchun kreativ bo‘lish va yaratgan mahsulotingizni monetizatsiya qilish kerak bo‘ladi. Ammo ko‘pchilik eng yangi flagman olib o‘zini fotograf deb atayotgan yoki bepul foto tahrirlash dasturlaridan foydalanib chiroyli montaj qilayotgan ayni damda bu ish oson kechmaydi. Lekin aytish mumkinki, tadbirkorga aylangan kontent yaratuvchilarning muvaffaqiyati siri uchta omilga bog‘liq bo‘ladi:

• O‘zingizning sohangizni topish;
• Auditoriya yig‘ish;
• Bir necha passiv daromad manbalarini yaratish.

Ushbu maqolalar turkumida fotolaringizni onlayn sotishda bilishingiz kerak bo‘lgan bir qator jihatlarni ko‘rib chiqamiz, fotografiyaga ixtisoslashgan biznesingizni reallikka aylantirishda kerak bo‘ladigan manbalar va biznes g‘oyalar taqdim qilamiz.

Fotolaringizni sotish uchun eng yaxshi saytlar

Avvalo, fotolarni sotish yoki litsenziyalashingiz mumkin bo‘lgan 18 ta eng yaxshi sayt bilan tanishsak:

Alamy
500px
SmugMug Pro
Shutterstock
iStock Photo
Etsy
Getty Images
Stocksy
Can Stock Photo
Adobe Stock
Twenty20
Depositphotos
Dreamstime
EyeEm
123RF
Foap
Zenfolio
Pixieset

Litsenziyalash onlayn brendlar, saytlar yoki siz yaratagan media mahsulotdan shaxsiy maqsadda foydalanishga qiziquvchilarga rasmlarni «sotish»ning eng ommabop usulidir. Aynan mana shu jihat muhim. Sizdan mulohaza yuritib, brendlar yoki saytlar rasmingizdan qanday foydalanishi mumkinligi borasida fikr yuritish talab qilinadi. Trendda bo‘lgan g‘oyalar tasvirlangan, odamlar aks etgan, ko‘p o‘rinlarda foydalansa bo‘ladigan rasmlarga talab yuqori bo‘ladi. Rasmlaringizni litsenziyalashingiz mumkin bo‘lgan foto-ombor saytlar soni ham talaygina. Quyida ular orasidan eng ommaboplari bilan tanishamiz.

1. Alamy

Alamy dunyodagi eng keng qamrovli foto-omborga ega bo‘lib, 215 milliondan ortiq stok (zaxira) tasvirlar, vektor grafikalar, videolar va 360 darajali panoramik suratlar bazasi bilan maqtana oladi. Saytda kunlik buyumlardan tortib tor doira uchun kerak bo‘ladigan ob’yektlar tasvirigacha sotish mumkin. Platforma dunyo bo‘ylab 60 mingdan ortiq kontribyutor (hissa qo‘shuvchi) ba 110 mingdan ortiq xaridorga ega. Platformaning Stockimo nomli ilovasi ham mavjud bo‘lib, undan iPhone'da olingan suratlaringizni sotishingiz va bu bilan selfilaringizdan daromad topishingiz mumkin.

Alamy kontribyutorlarga oylik to‘lov to‘laydi va tushunishga sodda to‘lov strukturasiga ega. Agar rasmlaringiz Alamy uchun eksklyuziv bo‘lsa (ya’ni ular faqat Alamy'da mavjud bo‘lsa), to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarning 50% ulushiga ega bo‘lasiz. Eksklyuziv bo‘lmagan suratlar esa 40% ulushga egalik qiladi. Alamy bilan uzoq muddatli shartnoma mavjud emas.

2. 500px

500px Licensing (sobiq 500px Prime) millionlab fotograf o‘z mahsulotini 500px sayti orqali sotuvchi platformadir. Saytning distribyutor hamkorlari dunyo bo‘ylab bir million mijozga xizmat ko‘rsatadi va platforma kreativ kontent uchun ko‘pchilikning birinchi raqamli tanlovidir. Saytga taqdim qilingan barcha kontent royalty-free, ya’ni mijoz rasmni faqat bir marta fayl hajmiga qarab xaridni amalga oshiradi va undan cheklanmagan marta foydalanishi mumkin.

500px havaskor va professional fotograflar uchun jamoaga asoslangan platforma hamdir. Saytda boshqa fotograflarga follov qilishingiz, o‘zingizning fotolaringizni ularning bozorida sotishingiz va mukofot uchun Photo Quest musboqalarida ishtirok etishingiz mumkin. Eksklyuziv suratlar uchun 60%, eksklyuziv bo‘lmagan fotolar uchun esa 30% komissiya olasiz.

Sayt a’zosiga aylanish oson. Akkaunt yarating, fotolaringizni taqdim qiling, do‘koningizni avtorizatsiya qiling, har bir rasm uchun kerakli so‘rovlarni (jumladan, model va majburiyatlar bo‘yicha relizlarni) to‘ldiring va sotishni boshlang!

3. SmugMug Pro

Sohada yangi fotograf bo‘lasizmi yoki professionalmi, SmugMug o‘z fotolaringizni chiroyli portfolio, sotuv platformasi va rivojlanishingizga yordam beruvchi vositalar yordamida onlayn sotish imkonini beradi. SmugMug'da saytning standart narxlari va o‘zingiz belgilagan narxlar o‘rtasidagi daromadning 85% ini o‘zingizga olib qolishingiz mumkin.

Masalan, 5x7 rasmni sotdingiz deylik. Agar SmugMug belgilagan boshlang‘ich narx 0.79 dollar bo‘lsa, mana shu rasm xaridorga 10 dollarga sotiladi, shundan 8.50 dollari sizga foydaga qoladi. Ammo oylik obunaga a’zo bo‘lishingiz kerak, bu sizga Portfolio rejasida yiliga minimal 200 dollarga tushadi. Ushbu obuna doirasida rasmlaringizni onlayn sotish uchun ko‘plab elektron tijorat vositalarini qo‘lga kiritasiz.

4. Shutterstock

Shutterstock rasmlarni onlayn sotish uchun yetakchi stok-fotografiya vebsayti hisoblanadi. Oxirgi 15 yil ichida platforma o‘z kontribyutorlariga milliard dollardan ko‘proq haq to‘lagan. Shutterstock'ka qo‘yilgan rasmlaringiz millionlab mijozlar tomonidan ko‘riladi.

Shutterstock mikro-stok sayt bo‘lib, rasmlar arzonroq va eksklyuziv emas. Yuklab olishlar sonini oshirishning asosiy usuli saytga vizual metafora sifatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi rasmlarni joylashdir. Ushbu platforma orqali o‘ta katta daromad topmaysiz, lekin fotografiyadan daromad qilishni endi o‘rganayotganlar uchun Shutterstock stok fotolarni sotish uchun yaxshi joy.

Sizga to‘lanadigan haq miqdori surat narxining 20–30% ini tashkil qiladi. Bundan tashqari, sheriklik dasturi ham mavjud bo‘lib, yangi fotograf yoki mijozlarni boshqalarga yo‘naltirish orqali qo‘shimcha daromad topsangiz bo‘ladi.

5. iStock Photo

iStock Photo platformasi Getty Images'ning bir bo‘lagi bo‘lib, mikro-stok sayt hisoblanadi. Ikkala platforma o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, iStock'dagi rasmlar eksklyuziv emas. Bu esa ularni boshqa agentliklar yordamida sotsangiz bo‘ladi deganidir. Lekin ayni damda sizga to‘lanadigan komissiya miqdori ham kam bo‘ladi. Kontribyutorlarga to‘landigan ulush 15–45% atrofida.

Ona kompaniya bo‘lgan Getty'dan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, eksklyuziv rasmlar tarifikatsiyasi ayni damda quyidagicha:

O‘QING: Uyda turib ishlash uchun 7 servis

6. Etsy

Onlayn foto sotishga kirishmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingizning Etsy fotografiya do‘koningizni yaratish yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin. Hammasi oson: rasmlarni tez sotish mumkin, to‘lov tizimi esa ham professionallarga, ham boshlang‘ich fotograflarga birdek manfaat keltiradi. Etsy bitim narxining atigi 5% ini o‘ziga oladi.

7. Getty Images

Getty Images fotografiyaga ixtisoslashgan saytlarning yuqori toifasiga mansub. Platforma yuqori sifatli va topish mushkul bo‘lgan eksklyuziv suratlar qidirayotgan brend va saytlarni o‘ziga jalb qiladi. Getty Images dunyo bo‘ylab 1.5 million mijozga xizmat ko‘rsatadi.

Ushbu sayt kontribyutoriga aylanishga qo‘yilgan talablar boshqa ko‘plab stok foto platformalarinikidan ancha yuqoriroq. Biroq fotograflarga to‘lanadigan to‘lov miqdori 20% dan boshlanib, 45% gacha yetadi.

8. Stocksy

Stocksy ham ommabop, o‘rta sinf stok foto omboridir. Stocksy kontribyutoriga aylanish sizga ancha daromad keltiradi — fotograflar standart litsenziyalardan 50%, kengaytirilgan litsenziyalardan esa 75% gacha haq olishadi. Ammo saytdagi barcha fotolar 100% eksklyuziv bo‘lib, ularni boshqa joyda sota olmaysiz.

9. Can Stock Photo

92 mingdan ortiq fotograflar Can Stock Photo saytida rasm sotadi. To‘lov tizimi foizda yoki o‘rnatilgan miqdorda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, har 50 ta havola sotuvingiz uchun Can Stock sizga 5 dollar haq to‘laydi. Can Stock Photo'ga rasm joylasangiz, ular stok fotolar agentligi — Fotosearch'da ham sotiladi.

10. Adobe Stock

Adobe Stock rasmlarni onlayn sotish uchun eng yaxshi manzillardan biri hisoblanadi, chunki Adobe Stock'da sotuvda bo‘lgan rasmlar ayni damda Fotolia stok do‘konida ham ko‘rinib turadi. Agar siz boshqa kreativ loyihlaringiz uchun Adobe to‘plamidan foydalansangiz, rasm, video, vektor grafika yoki illyustrastiyalaringizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ravishda Adobe Lightroom CC va Adobe Bridge CC orqali do‘konga joylashingiz mumkin.

Adobe Stock'da rasm sotish bilan siz millionlab mijozlar orttirishingiz va dunyodagi eng yirik kreativ jamoa a’zosiga aylanishingiz mumkin. Sotilgan rasmlardan 33% komissiya olasiz.

O‘QING: Talabaga kerak bo‘lgan 9 bepul ilova

11. Twenty20

Twenty20 aslida Instagram fotograflariga o‘z suratlarini brendlarga sotish vositasi sifatida ish boshlagan. Hozirda esa Twenty20 kuchli stok fotolar saytiga aylangan bo‘lib, unda o‘z fotolaringizni onlayn sotishingiz va potensial mijozlar bilan bog‘lanishingiz mumkin. Saytdan 3 xil usulda pul topish mumkin:

• Litsenziyalangan har bir rasm uchun 2 dollar olish;
• Fotokonkurslarda ishtirok etib, pul mukofoti yutish;
• Brendlar sizni ma’lum sana uchun fotosessiyaga taklif qilsa, tushgan puldan 100% komissiya olish.

Rasmlarni Twenty20 ilovasi yoki saytda siz uchun ochilgan maxsus sahifa orqali sotish mumkin. Ikkala usulda ham rasmlarni sotib, o‘zingiz sevgan kasbdan daromad qilish mumkin.

12. Depositphotos

Depositphotos vizual kontent global bozori bo‘lib, sayt bazasida 150 milliondan ortiq fayl hamda 200 dan ortiq mamlakatdan mijozlar bor. Butun dunyo bo‘ylab Depositphotos'ning 100 mingdan ko‘proq kontribyutori mavjud. Sayt kontentidan Warner Bros., TripAdvisor, Subaru kabi yirik kompaniyalar ham foydalanishadi. Komissiya kontribyutorning tajribasi va platformadagi statusiga ko‘ra, shuningdek, rasm rezolyusiyasi va litsenziya turiga qarab 34% dan 42% gacha farqlanadi.

13. Dreamstime

Qariyb 20 yildan buyon Dreamstime kreativ bozordagi — mustaqildan tortib Fortune 500 ro‘yxatidagi kompaniyalargacha — mijozlarga yuqori sifatli suratlar taqdim qilib keladi. Stok fotolar agentligi:

• ro‘yxatdan o‘tgan 31 million a’zo;
• 600 000 nafar kontribyutor;
• 144 million foto, illyustratsiya, kartinka va vektor grafikalar;
• saytga tashrif buyuruvchi oylik 20 million unikal foydalanuvchilarga ega.

Dreamstime o‘z kontribyutorlariga nisbatan anchayin saxiy. Biroq katta pul olish uchun sayt bilan uzoq muddat ishlashingiz kerak: portfolioingizning 70% i olti oy davomida saytda bo‘lishi kerak. Biroq eksklyuziv bo‘lmagan fotolar 25–50%, eksklyuziv suratlar esa 27.5–55% gacha komissiya olishi mumkin. Shuningdek, havola berish orqali ham sheriklik to‘lovini qabul qilasiz.

14. EyeEm

EyeEm, asosan, stok fotolarni reklama qilishga ixtisoslashgan bo‘lib, tijoriy fotografiya sohasida faoliyat yurituvchilar uchun ayni kerakli manzillardan biri hisoblanadi. Sayt kontribyutori bo‘lsangiz, katta brendlar sizni fotosessiya uchun ham chaqirishlari mumkin (agar xorijda istiqomat qilsangiz, masalan, Airbnb yoki Spotify kabilar).

Sayt butun dunyo bo‘ylab 25 milliondan ortiq fotograf va videomontajchilarga ega. Sotilgan har bir surat uchun 50% komissiya olasiz.

15. 123RF

123RF stok fotolar olamidagi eng yirik ishtirokchilardan biri. Platformadagi barcha fotolar eksklyuziv emas, ya’ni ularni boshqa saytlarda ham sotishingiz mumkin. 123RF fotolaringizni 44 ta mamlakatda, 17 tilda besh milliondan ortiq mijozlarga marketing qiladi. Kontribyutorga aylanib, sotilgan har bir litsenziyadan 30% va 60% komissiya olishingiz mumkin.

16. Foap

Foap platformasi uch milliondan ortiq kontribyutorga ega. Sayt orqali bir necha usulda pul topish mumkin:

• sotilgan har bir rasm uchun 5 dollar olish;
• «Missiya» deb nomlanuvchi fotokonkurslarda qatnashib, 100–2,500 dollar mukofot yutish;
• fotolarni hakmor platformalar, masalan, Adobe va Alamy orqali sotish kabilar shular jumlasidan.

Agar siz yaratgan suratlar KraftHeinz, Nivea va Heineken kabi brendlar rekalamalarida ishlatilishini xohlasangiz, Foap siz uchun ajoyib tanlov bo‘la oladi.

17. Zenfolio

Zenfolio yangi fotograflar va mutaxassislar uchun fotosuratlarni onlayn sotishni osonlashtiradi. O‘zingizning ishingizni namoyish qilish, yangi mijozlarni jalb qilish va fotosuratlaringizni internetda sotish uchun veb-sahifangizni qurishingiz mumkin. Bundan tashqari, sayt suratga olish uchun bosma va raqamli mahsulot variantlarini taklif qiladi, komissiya to‘lovi 7%. Biroq Zenfolio'da 5 dollardan boshlanuvchi oylik obunaga a’zo bo‘lishingiz kerak.

18. Pixieset

Pixieset fotosuratchilarga rasmlarni onlayn tarzda tarqatish, yetkazib berish va sotish uchun to‘liq paketni taklif qiladi. Platforma o‘z do‘koningizni to‘liq nazorat qila olish imkonini beradi. Sizdan rasmlaringiz uchun narx belgilash va ularni marketing qilish talab qilinadi. Tekin plandan foydalansangiz, 15% mablag‘ ushlab qolinadi, oyiga 8 dollardan boshlanuvchi rejaga obuna bo‘lsangiz esa, barcha pul o‘zingizga qoladi.

Mana, va’da qilingan 18 ta platforma bilan ham tanishdik. Umid qilamizki, yuqoridagi ma’lumotlar siz uchun foydali bo‘ldi. Turkum maqolalarimizning keyingi sonida rasmlarni onlayn sotishdagi ikki muhim bosqich haqida batafsil ma’lumot beramiz. Bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: Megapiksel nima?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!