Internetdagi ishkal: TATU talabalari blogerdan uzr so‘rashdi (+suratlar)

  •   DiMaX
  •  2818
  •  05.11.2018 19:41

Internetdagi ishkal: TATU talabalari blogerdan uzr so‘rashdi (+suratlar)

«70 foizdan ko‘proq OTMlarini yomonlagan» «Troll.uz»ni jazolashga qaror qilgan TATU talabalari, TATU ma’muriyatini sudga bermoqchi bo‘lgan «Troll.uz» rahbari kunning eng shov-shuvli xabari bo‘ldi. Bu bo‘yicha deyarli barcha internet saytlari yozdi.

Ushbu «ishkal» «Troll.uz»ning TATU rektoriga yozgan «ochiq xat»i bilan boshlanmagan. Voqea sal avvalroq – «Troll.uz» TATUdagi ba’zi bir holatlarni sarkazm qilib chiqqanidan boshlangan.

O‘QING: O‘zbekistonlik bloger «Yoshlar» telekanalini sudga bermoqchi

Shu maqsadda TATU talabalari, ularning hisob-kitoblari bo‘yicha, O‘zbekistondagi 70 foizdan ko‘proq oliy ta’lim muassasalarini yomonlab, ularning ustidan kulib chiqqani uchun «Troll.uz» kanalini yopishga qaror qilishibdi. Bugun, soat 13:00 dan 13:30 gacha ushbu kanalni Spam ro‘yxatiga qo‘shish orqali.

«Hurmatli guruh (kanal) a’zolari. Mana shunaqa yurtimizning kelajagiga bolta urayotgan kanal adminlariga jazo sifatida kanalini yopvorishni maqsad qilib qo‘ydik. Iltimos sizlardan, bunga befarq bo‘lmay, imkon darajasida yordam beringlar», – deb yozgan qaysidir bir guruhda Zuhriddin Ziyodullayev. So‘ng «Troll.uz» (va umuman boshqa har qanday kanalni ham) Spam ro‘yxatiga qo‘shib, blok qilish yo‘lini o‘z muridlariga o‘rgatgan.

«Troll.uz» loyihasi rahbari Umid G‘afurov kanalining blok bo‘lishidan emas, unga tuhmat qilishganidan ko‘proq norozi – Zuhriddin taniqli blogerni «o‘zi yaqindagina qamoqdan chiqqan» va «biror bir oliygohni ham bitirmagan» deb atagan. Vaholanki, Umid G‘afurov nafaqat O‘zbekistondagi oliygohda, balki Italiyadagi universitetda ham ta’lim olgan.

O‘QING: Internetda qanday pul topsa bo‘ladi?

Bundan tashqari, «Troll.uz» loyihasi rahbari «ochiq xat»da TATU rektoridan ushbu xabarni tarqatishda ishtirok etgan barchaning ism-familiyalarini aniqlashda amaliy yordam berishini so‘ragan. Agarda bu xabarlar muallifi va ishtirokchilari aniqlanmasa, universitet ma’muriyatiga qarshi sudga murojaat qilishga majbur bo‘lishini yozgan.

Shuningdek, yaqindagina O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylangan Alisher Sa’dullayev Facebook sahifasida ushbu holatga o‘z munosabatini bildirib, Yoshlar Ittifoqi spamlar kampaniyasini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidlab, Umid Gafurovning kelajakdagi faoliyatiga omad tilagan.

Shundan so‘ng bugun Umid G‘afurovni masalani «yumshatish» uchun TATUga chaqirishgan.

Masala ijobiy hal etilgan. TATU talabalari blogerdan uzr so‘rashgan. Bu haqida bloger o‘zining kanalida videoyozuv orqali xabar bergan.

Eslatib o‘tamiz, «Troll.uz» kanali hech qanday hujumga uchramagan.

O‘QING: Telegram’da spamdan «ozod» bo‘lish siri

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!