iOS 12'da yana bir qiziq funksiya paydo bo‘ldi

iOS 12'da yana bir qiziq funksiya paydo bo‘ldi

Hozircha Apple bu to‘g‘rida rasman e’lon qilmagan bo‘lsa ham, ziyrak foydalanuvchilar kecha taqdim qilingan iOS 12 operatsion tizimida qiziq bir funksiyaga duch kelishdi. Uning yordamida foydalanuvchi Face ID skanerlash tizimiga o‘zi xohlagan yana bir qiyofani qo‘shib qo‘yishi mumkin. Zarur paytda smartfon egasi uning yordamida ham smartfon tizimiga kirishi mumkin bo‘ladi.

Funksiya to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchi o‘zining tashqi ko‘rinishiga mansub bir nechta talqinlarni Face ID xavfsizlikni ta’minlash tizimiga kirita oladi. Misol uchun, foydalanuvchi ko‘zoynakdan foydalansa, endi ko‘zoynakli holatini ham tekshiruv tizimiga kiritib qo‘ya oladi.

O‘qing: Apple: "iOS 12'ga yangilanadigan smartfon va planshetlar"

Shuningdek, ushbu funksiya orqali foydalanuvchi butunlay boshqa odamning qiyofasini ham ushbu tizimdan ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Natijada, ikkinchi foydalanuvchi ham zarur vaqtda smartfon tizimiga kira oladi. Ya’ni, smartfonda bir nechta foydalanuvchili rejim paydo bo‘ladi. Smartfon qiyofaga qarab, foydalanuvchining o‘ziga tegishli bo‘lgan makonni ochib beradi. Bir foydalanuvchi ikkinchi foydalanuvchining smartfondagi profiliga kira olmaydi.

Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, smartfonga ikkita qiyofani ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng ularning birini o‘chirib tashlash mumkin emas. Buning uchun har ikkala qiyofani o‘chirish kerak bo‘ladi.

Ayni paytda mustaqil dasturchilar ham joriy yilda ishlab chiqariladigan va ko‘p foydalanuvchili rejimga ega, ya’ni Face ID kamerasi tatbiq qilinadigan iPad plansheti uchun ham maxsus ilovalar ishlab chiqarishga kirishdilar. Apple hozircha iPhone qurilmasida sinovdan o‘tkazilayotgan bu rejimni planshetda ham joriy qiladi.

O‘qing: Eng tezkor va texnologik operatsion tizim taqdim qilindi

Eslatib o‘tamiz, iOS 12 operatsion tizimi 2018 yilning 4 iyunida taqdim qilindi. Mazkur operatsion tizim gadjetlarning ishlash tezkorligini sezilarli ravishda oshiradi. FaceTime orqali bu tizimda guruhli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkin. Shu bilan birga, mazkur innovatsion tizim foydalanuvchiga smartfon tobeligidan xalos bo‘lishga yordam beradi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!