iPhone 7 uchun chip ishlab chiqaradigan yagona zavod zilziladan ziyon ko‘rdi

iPhone 7 uchun chip ishlab chiqaradigan yagona zavod zilziladan ziyon ko‘rdi

Apple kompaniyasi tomonidan iPhone 7 smartfonlari uchun A10 chiplarini yetkazib beruvchi sifatida tanlangan Tayvanning TSMC kompaniyasi kuchli zilziladan jiddiy ziyon ko‘rgani ma’lum bo‘ldi. 9to5Mac nashrining xabar qilishicha, ko‘rilgan zararning aniq miqdori hozircha ma’lum emas.

6 fevral kuni erta tongda Tayvanda 6,4 ballik kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi. Tabiiy ofat natijasida chip ishlab chiqaruvchi Taiwan Semiconductor Manufacturing Company (TSMC) jiddiy zarar ko‘rdi.

Ko‘rilgan zararlar to‘g‘risida kompaniya oradan olti kun o‘tgandan keyingina hisobot e’lon qildi. Kompaniya xabariga ko‘ra, ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarga ham zarar yetgan. Ko‘rilgan ziyon miqdori esa avval hisoblangandan ko‘ra ortiqroq. Shu munosabat bilan joriy chorakda kremniy plastinalari ishlab chiqarish hajmi kamayadigan bo‘ldi. Biroq chiplar ishlab chiqaruvchisi daromadlari to‘g‘risidagi bashoratlarni qisqartirmadi.

Shu bilan birga, TSMC ikkita korxonadagi uskunalar ishi to‘liq hajmda tiklanganini ma’lum qildi.

Tayvanda ro‘y bergan zilziladan ko‘plab vendorlar (mahsulot ishlab chiqarib, yetkazib beruvchi kompaniya) zarar ko‘rdi. Tabiiy ofatning tayyor mahsulotlar va buyurtmalar miqdoriga zarari oqibatlarini kamaytirish maqsadida ular orol janubidan shimolga tashilmoqda.

2016 yilning 13 fevral kuni esa TSMC iPhone 7 uchun A10 chiplarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchisi sifatidan tanlangani ma’lum bo‘lgan edi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!