iPhone bilan raqobatlashish uchun Galaxy Note 9’ni muddatidan oldin chiqarishmoqchi

  •   DiMaX
  •  1618
  •  30.03.2018 12:35

iPhone bilan raqobatlashish uchun Galaxy Note 9’ni muddatidan oldin chiqarishmoqchi

Samsung kompaniyasi Galaxy Note turkumiga mansub fabletlarining taqdimot tadbirlarini odatda avgust oyi so‘ngida o‘tkazar edi. Ammo bu yil kuchli raqobat tufayli u mazkur an’anadan chekinib, Note 9 modelini sal oldinroq namoyish etishi mumkin.

O‘QING: Samsung’ning bo‘lajak flagmani – Galaxy Note 9 xususiyatlari oshkor etildi

Janubiy Koreyaning The Investor gazetasi bu haqda Samsung kompaniyasining butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilaridagi o‘z manbalariga tayanib xabar qilgan. Unga ko‘ra, joriy yildagi Galaxy Note 9 smartfoni iyul oyining oxirlari yoki avgust boshlarida taqdim etilishi mumkin. Nashr suhbatdoshlarining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Samsung allaqachon bu fabletining loyihalashtirish ishlarini yakunlagan va yetkazib beruvchilar ommaviy ishlab chiqarishni boshlashga tayyor turishlarini talab qilmoqda.

Janubiy koreyalik gigant, birinchi o‘rinda, o‘zining «ashaddiy raqibi» – Apple smartfonlari bilan bo‘ladigan raqobatni o‘ylayapti. Ya’ni, u odatda kuzda o‘tkaziladigan iPhone taqdimot marosimidan imkon qadar ertaroq Galaxy Note 9’ni namoyish etib, savdoga chiqarib, bozordan ko‘proq ulush «tortib olish»ni ko‘zlayapti. Ehtimol, ancha ertadan fabletni benchmarkda sinab ko‘rishganining sababi ham shundadir.

O‘QING: Samsung ham shoshib qoldi: Galaxy Note 9 allaqachon benchmarkda «ko‘rindi»!

Ammo bu shoshilishning salbiy tomoni ham bor, deyiladi nashr xabarida.  Samsung Electronics o‘z fabletining taqdimoti va ishlab chiqarilishini tezlashtirish uchun vaqt tig‘izlik qiladi. Natijada Galaxy Note 9’da joriy etilishi kutilayotgan ayrim yangi texnologiyalardan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Masalan, haligacha aniq hal etilmagan masala – fabletning barmoq izi skanerini displeyning o‘ziga integratsiyalash bekor qilinishi mumkin.

Galaxy Note 9 modelining texnik ta’minoti asosini, Geekbench ma’lumotiga ko‘ra, sakkiz yadroli Snapdragon 845 chipseti hamda 6 gigabaytlik tezkor xotira tashkil etadi. Uning displeyi tomonlarining o‘zaro nisbati avvalgicha qoladi, ammo ekranning o‘lchami yiriklashtiriladi. Galaxy Note 8 modelida displey diagonali 6,32 dyuymni tashkil etgan bo‘lsa, to‘qqizinchi avlod fabletda u 6,38 dyuymgacha oshiriladi.

O‘QING: Galaxy Note 9: uch modulli kamera va skanerli displeyga ega flagmanni tomosha qiling!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!