iPhone’lardagi katta ekran muammosi yechimi – «aqlli» shisha yaratildi (+video)

  •   DiMaX
  •  1497
  •  14.12.2017 10:50

iPhone’lardagi katta ekran muammosi yechimi – «aqlli» shisha yaratildi (+video)

Katta ekranli smartfonlardan foydalanishdagi asosiy mushkullik nimada ekanini bilsangiz kerak – bitta qo‘lda ushlashda ekrandagi barcha hududlarga ham barmoq yetavermaydi. Apple’ning keyingi avlod smartfonlarida, ayniqsa, ularning Plus-versiyalarida bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ekranning yuqorisida paydo bo‘lgan bildirishnomani ochish yoki «Orqaga» tugmachasini bosish uchun barmoqni qiynalib cho‘zish yoki ikkita qo‘l bilan ishlashga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: iPhone X: Qo‘lingizdan tushib ketsa, o‘zingizni kechirmaysiz!

iPhone’lardagi ushbu muammoni hal etish uchun Nombiss nomli kichik bir kompaniya yaxshi yechim topdi – Intelli+ deb atalgan, ekranni muhofaza etuvchi «aqlli» shisha ishlab chiqdi. Mazkur shishani ommaviy ishlab chiqish uchun Kickstarter saytida Intelli+ loyihasi yo‘lga qo‘yilgan.

Bir qarashda, Intelli+ oddiygina himoya shishasiga o‘xshab ketadi. U uncha-munchaga tirnalmaydi, barmoq izini qoldirmaydigan oleofob qoplamasi bor. Shuningdek, bu shisha zamonaviy iPhone’lardagi 3D Touch texnologiyasining ishlashiga ham xalaqit bermaydi. Ammo bu shunchaki muhofazalovchi shisha emas – uning ikki chekkasida kontaktlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular tufayli «Uyga» tugmachasidan chap va o‘ng tomonlarda qo‘shimcha  sensor hududlar paydo bo‘ladi.

Shu tariqa, smartfon ekranining yuqori qismidagi «Orqaga» tugmachasini bosish hamda bildirishnomalarni ochish uchun ekran pastki qismida qo‘shimcha tugmachalar hosil bo‘ladi. Intelli+ shishasi iPhone 6 va undan keyingi avlod ayfonlarning oddiy hamda Plus-modellari uchun ishlab chiqilgan.

Hozirda istalgan iPhone uchun Intelli+ shishasiga 18 Kanada dollari (taxminan 14.01 AQSh dollari) narxida oldindan buyurtma berish mumkin. 2018 yilning aprelida savdosi boshlangach, «aqlli» shisha narxi 49 Kanada dollari (taxminan 38.13 AQSh dollari) qilib belgilanadi. Intelli+ shishasi haqida batafsil ma’lumot olish hamda buyurtma berish uchun mana bu havola orqali Kickstarter’dagi loyiha sahifasiga o‘tish mumkin.

O‘QING: 2018 yilda iPhone muhim innovatsion xususiyatga ega bo‘ladi