iPhone SE’ni sotib olish uchun 5 ta muhim sabab

iPhone SE’ni sotib olish uchun 5 ta muhim sabab

 

Esingizda bo‘lsa, 2014 yilda Apple 4,7 dyuymli iPhone 6 flagmanini taqdim qilganida ko‘pchilik mutaxassislar yirik hajmli smartfonning bozorda o‘z o‘rnini topishiga shubha bilan qaragan edilar. Shundan boshlab ayfonning ham, va boshqa kompaniya gadjetlarining ham ekranlari kattalashib kelayotgan edi.

Ammo 21 mart kuni taqdim qilingan so‘nggi mahsulot – IPhone SE bilan birga kompaniya smartfon bozoriga iPhone 5S’ga xos klassik dizaynni ham qaytardi. Smartfon M9 yonprotsessor, A9 asosiy protsessoriga ega, 2 Gb tezkor xotira bilan ta’minlangan. Gadjetda Siri ovozli mobil yordamchisi muntazam ishlaydi.

Quyida e’tiboringizga mazkur mobil aloqa vositasini sotib olish uchun 5 ta sababni havola qilamiz.

1. iPhone 5S kabi ixcham ayfon bugungi raqobatchilariga qaraganda bir oz kichik bo‘lsa ham, u o‘zida so‘nggi innovatsiyalarni, jumladan iPhone 6S’ga xos imkoniyatlarni jamlagan. Sensor ekran, 4K video hamda “jonli fotosurat” (GIF) yozadigan 12 megapikselli bosh kamera, 5 MP old kamera hamda suratga olish jarayonida yorqinlashadigan va fotochaqnoq vazifasini o‘taydigan monitor yorug‘ligi – “retina flash” bilan ta’minlangan.

iPhone 6 taqdim etilganida uning LTE aloqa tarmog‘ida iPhone 5s’ga nisbatan 3 barobar tezkor ishlashi ma’lum qilingan edi. Xuddi shuningdek, yangi gadjet ham mazkur xususiyatga ega. Bu esa quvvat manbaasining uzoqqa dosh berishiga xizmat qiladi.

Gadjet yordamida Apple Pay elektron to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. 2015 yilning iPhone 6s’idan farqli ravishda, iPhone SE ekranida 3D chertish texnologiyasi tatbiq qilinmagan.

2. 399 AQSh dollaridan sotilishi ma’lum qilingan navbatdagi ayfon boshqa “ajdodlari” orasida hamyonbopligi bilan oz-moz maqtansa arziydi, albatta. 399 dollar evaziga $649 dollar turadigan iPhone 6s flagmaniga xos ko‘nikmalarga ega iPhone SE smartfonini sotib olish ayfon muxlislari uchun katta imkoniyatdir.

3. iPhone gadjetlari smartfon bozorida doimo foydalanuvchi ishonchini oqlagan brend bo‘lib kelgan. iPhone 5S dizayni va jozibadorligi bilan iPhone 6’ni ortda qoldirgan. Korpusida na antenna lentasi, na kamera qavarig‘i bo‘lmagan iPhone SE “qad-qomati” tamomila nafis va simmetrik ko‘rinishga ega. Korpus hoshiyalarning maxsus himoya qatlami bilan pardozlangani uning foydalanishlik davrini uzaytiradi.

4. iPhone 6 e’lon qilinganida uning kaft uchun noqulay hajmi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Smartfon foydalanuvchilari uchun ixcham mobil qurilmasi zarurligini kompaniya asoschisi Stiv Jobs ham ko‘p marotaba qayd etgan edi.

iPhone 5 hamda iPhone 5S savdosi yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqotlar ularning aynan ixcham hajmi ham bozorda ommalashishiga xizmat qilgani ma’lum bo‘lgan. Shu sababli kompaniya aynan shu ixchamlikni yangi texnologik qobiliyatlar bilan bozorga qayta olib kirdi.

5. Gadjetlar bozorida iOS operatsion tizimi va Apple protsessori har doim ayfonlarning boshqa smartfonlarga qaraganda kuchli jihati bo‘lib kelgan. iPhone SE’ning protsessori avvalgi A7’ga qaraganda samaradorlik jihatdan ikki barobar kuchli ekani aytilmoqda.

iPhone SE’ning displeyi kichik hajmli bo‘lgani bois, unga o‘rnatilgan iPhone 6S’niki kabi kuchli grafik protsessor bu ixcham smartfonning tez ishlashini ta’minlaydi.

Ya’ni, siz arzon narx evaziga Apple’ning eng tezkor ishlaydigan flagmani sohibiga aylanasiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!