iPhone X’dagi innovatsiya bo‘yicha Apple’ga qarshi Meizu va MediaTek maydonga tushyapti!

  •   DiMaX
  •  1586
  •  01.11.2017 10:20

iPhone X’dagi innovatsiya bo‘yicha Apple’ga qarshi Meizu va MediaTek maydonga tushyapti!

Kupertinolik gigantning «yubiley ayfoni»dagi Face ID texnologiyasi namoyish paytidayoq pand bergani yetmagandek, keyin ham ko‘p tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Ammo aynan shu taqdimotdan keyin deyarli barcha yirik smartfonsozlar birdaniga yuzni tanish bo‘yicha o‘z texnologiyalarini yaratishni xohlab qolishdi.

Ayni shu texnologiya borasida endi Xitoyning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri –  Meizu kompaniyasi MediaTek bilan hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda Meizu global marketing bo‘limi rahbari Ard Boudeling o‘zining tvitter-akkauntida yozgan

«Biz smartfonlarda yuzni tanish bo‘yicha eng yaxshi texnologiyani yaratish borasida @MediaTek bilan birga ish olib bormoqdamiz. Uni sizga 2018 yili namoyish etish niyatidamiz», degan Meizu vakili.

Aytib o‘tish o‘rinliki, odatda biror texnologiya bo‘yicha Apple kiritgan yangiliklar boshqalar uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi. Bu kabi hollarda raqobatchilar va foydalanuvchilar avvaliga hayratlanishadi, so‘ng e’tiroz bildirishadi, keyin esa aksariyati Apple’ga ergashishadi.

O‘QING: Android o‘zlashtirsa arziydigan iPhone 7’dagi jihatlar

Ard Boudeling so‘zlariga ko‘ra, Meizu va MediaTek hamkorligida yaratilayotgan Face ID talqini bozordagi eng yaxshisi bo‘ladi. Ammo uning aynan nimasi yaxshi bo‘lishi aytilmagan. Faqat bu texnologiyani kelasi yili namoyish etmoqchi ekanliklarigina ma’lum. Aftidan, uni mblu Zero smartfoni taqdimotida ko‘rsatishsa va ilk bor shu qurilmaga tatbiq etishsa kerak.