iPhone X dizaynidagi hamyonbop Redmi S2: «jonli» video va suratlari, narxi va xususiyatlari, taqdimot sanasi...

  •   DiMaX
  •  5155
  •  03.05.2018 18:12

iPhone X dizaynidagi hamyonbop Redmi S2: «jonli» video va suratlari, narxi va xususiyatlari, taqdimot sanasi...

Xiaomi kompaniyasi Redmi S2 rusumli yangi hamyonbop smartfon tayyorlayotgani haqidagi ilk xabarlar bundan ikki haftacha avval chiqa boshlagan edi. Ushbu model kompaniyaning navbatdagi flagmani – Mi 6X bilan birga taqdim etilishi taxmin qilingandi. Biroq arzon smartfonning namoyishi keyinroqqa qoldirilgan ekan.

O‘QING: Arzon, ammo «qo‘shko‘z» Xiaomi Redmi S2 smartfoni ham sotuvga tayyor!

Endi esa Xiaomi kompaniyasining rasmiy vakillari Redmi S2 modelining 10 may kuni taqdim etilajagini ma’lum qilishdi.

Shuningdek, bu smartfon allaqachon mazkur brendning Chexiya va Vetnamdagi rasmiy do‘konlariga yetkazib berilgan ham ekan. U yerlarda Redmi S2 smartfonining nafaqat texnik xususiyatlari va narxini aniqlashdi, balki «jonli» suratga, hatto videoga olishga ham ulgurishdi.

Xullasi kalom, Pragadagi Xiaomi do‘konidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Redmi S2 devaysi diagonaliga 5,99 dyuymga teng bo‘lgan, HD+ formatli (1440×720 pikselli) ekran bilan jihozlangan.

Qualcomm Snapdragon 625 protsessori bazasida ishlaydigan ushbu gadjetning «quvvat toshi» 3080 mA/soatlik tok sig‘imiga ega.

Avvalroq «sizib chiqqan» xabarlarga ko‘ra, Redmi S2 modeli xotirasining hajmiga ko‘ra har xil talqinlarda taqdim etiladi. Jumladan, uning tezkor xotirasi 2, 3 va 4 gigabaytlik, doimiy xotirasi esa 16, 32 hamda 64 gigabaytlik variantlari mavjud. Unga yana 128 gigabaytgacha hajmdagi microSD formatli xotira kartasini o‘rnatish mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Xiaomi Redmi S2: yanada ko‘prog‘ini kuting

Redmi S2 modelini tayyorlayotib, Xiaomi kompaniyasi selfi ishqibozlariga ko‘proq yon bosgan ko‘rinadi. Zero, uning old kamerasi 16 megapikselli suratlar olishga qodir.

Shuningdek, asosiy kamera ham chakkimas (agar smartfonning hamyonbopligini inobatga olsak, bu kamerani hatto zo‘r deyish mumkin). iPhone X dizaynida – ob’yektivlari tikka joylashgan ushbu qo‘shaloq kamera 12 hamda 5 megapikselli datchiklarni va LED-chaqnoqni o‘z ichiga olgan.

«Xitoycha Apple»ning ushbu qurilmasi MIUI 9 grafik qobig‘i ostidagi Android 8 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Vetnamdagi Xiaomi rasmiy do‘konida esa Redmi S2 modelining mahalliy narxini ham aniqlashdi. Reklama lavhasida ko‘rsatilishicha, ushbu smartfonga 3.999.000 dong hajmida narx belgilangan, bu esa taxminan 175 AQSh dollariga teng.

Mana, Xiaomi Redmi S2 smartfonini «jonli» videoda tomosha qilamiz:

Mazkur smartfon bozorga qachon taqdim etilishi hozircha aniq emas, lekin Xiaomi’ning allaqachon savdoga chiqarilgan bir qator smartfonlari va boshqa mahsulotlarini yurtimizda ham rasman xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Xiaomi’ning turli gadjetlari narxlari – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi! (2018 yil 26 aprel)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!