iPhone X modellarining ruscha ro‘yxati yangi faktlarni fosh etdi!

  •   DiMaX
  •  2246
  •  12.09.2017 15:29

iPhone X modellarining ruscha ro‘yxati yangi faktlarni fosh etdi!

Apple’ning bugun taqdim etiladigan iPhone X flagmanining turli modellari ko‘rsatilgan, rus tilida yozilgan ro‘yxat fotosurati internetga chiqib ketdi. Uni taniqli dizayner va insayder Benjamin Geskin o‘zining Twitter sahifasida e’lon qilgan.


Mazkur ro‘yxat yangi ayfon modellari haqida kutilmagan faktlarni oshkor etdi:

Birinchidan, bu ro‘yxatga ko‘ra, iPhone X smartfonining 64 gigabaytlik ichki xotiraga ega modeli ham bor ekan. Holbuki, mazkur flagmanning minimal 128 gigabaytlik xotiraga ega holda chiqarilishi aytilayotgan edi.

Ikkinchidan, Apple A11 protsessori mazkur ro‘yxatda 4 yadroli qilib ko‘rsatilgan. Shu paytgacha chiqqan xabarlarda esa, mazkur chip 6 yadroli bo‘lishi, ulardan to‘rttasi baquvvat, ikkitasi esa tejamkor bo‘lishi aytilayotgan edi.

Uchinchidan, ushbu ro‘yxatda gadjetning ekrani 2436x1125 pikselli AMOLED-displey ekanligi ko‘rsatilgan. Bungacha nufuzli manbalar ham iPhone X modeli eng yangi OLED-ekranga ega bo‘lishini yozishayotgandi.

To‘rtinchidan, iPhone X uch xil: tillarang, kumushrang va qora ranglarda ishlab chiqarilar ekan.

Yangi ayfonning narxi masalasiga kelsak, iPhone X oldingi avlod vakilidan ikki karra qimmat baholanishi aytilmoqda.

Xullas, bu va boshqa ma’lumotlarning rasman oshkor etilishiga oz vaqt qoldi. Ulardan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang!


Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!