iPhone X'ning yangicha talqini tayyorlanayotgani ma’lum bo‘ldi

iPhone X'ning yangicha talqini tayyorlanayotgani ma’lum bo‘ldi

Apple'ning yangi qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bundan yarim yil oldin Federal Kommunikatsiyalar Komissiyasiga topshirgan arizasi bugun oshkor etildi. 180 kunlik maxfiylik muxri ostida bugungi kungacha sir saqlab kelingan ushbu arizada iPhone X smartfonining yangicha talqinini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida gap boradi. Arizaga qo‘shib taqdim qilingan suratlardan ma’lum bo‘lishicha, Apple iPhone X'ning tillarang talqinini sotuvga tayyorlamoqda. Suratlarda orqa paneli shishadan tayyorlangan va sentyabr oyida taqdim qilingan iPhone 8 va 8 Plus'dagi kabi tillarang tusga ega iPhone X'ning aniq tasvirini ko‘rish mumkin. Yangi talqinning zanglamas po‘latdan ishlangan chetlari ham oltin rangida tovlanib ko‘rinadi.

O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan iPhone taqdimotida Apple iPhone X smartfonining tillarang talqini ustida ishlayotgani haqida ma’lum bo‘lgan edi. Biroq ushbu talqin qachon e’lon qilinishi yoki sotuvga chiqarilishi to‘g‘risida hech narsa ma’lum emas edi. Shu paytgacha qurilma faqat kulrang va oq/kumushrang talqinda mijozlarga taqdim etib kelingan.

O‘QING: EKSKLYuZIV VIDEO: Redmi Note 5 Pro’ni iPhone X Red Edition’ga «aylantirsa» bo‘ladi!

Oradan yarim yil vaqt o‘tib ketganiga qaraganda Apple tillarang iPhone X'ni tayyorlashda ancha texnik qiyinchiliklarga duch kelgan ko‘rinadi. Ayni vaqtda Apple iPhone X'ning katta o‘lchamli navbatdagi modelini yaratish ustida ish olib borayotgani haqida ham ma’lumotlar yuribdi. Taxmin qilinishicha, ushbu yangi model kuz fasliga borib taqdim qilinadi va ilk taqdimotdayoq tillarang talqin bilan chiqariladi.

O‘QING: iPhone’larning so‘mdagi narxlari (2018 yil 5 aprel)

Apple'ning Federal Kommunikatsiyalar Komissiyasiga topshirgan arizasining tashqariga sizdirib yuborilishi kompaniya tomonidan ma’lumotlarni tashqariga chiqarib yuborgan xodimlarining sudga berilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur oyda Apple iPhone 8 va 8 Plus'ning qizil rangdagi talqinini taqdim qilgan edi. Hozircha iPhone X ham qizil talqinda bozorlarda paydo bo‘ladimi, degan savolga javob mavjud emas.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!