Kirin 990 5G chipli qimmat buklamafon – Huawei Mate Xs namoyish qilindi (+«jonli» video)

  •   DiMaX
  •  1479
  •  25.02.2020 11:57

Kirin 990 5G chipli qimmat buklamafon – Huawei Mate Xs namoyish qilindi (+«jonli» video)

Huawei kompaniyasi o‘tgan yili qayishqoq ekranli Mate X smartfonini taqdim etgan va 15 noyabrdan sota boshlagan edi. Uning ikkinchi avlodi – Mate Xs haqidagi dastlabki xabarlar ham o‘sha oy boshida paydo bo‘lgan.

O‘QING: Huawei'ga qarshi navbatdagi zarba

Kutilganidek, xitoylik texnogigant kuni kecha bir qator yangi gadjetlarining onlayn taqdimotini o‘tkazdi. Ular qatorida kompaniyaning ikkinchi buklamafoni – Huawei Mate Xs ham bor.

Huawei ushbu smartfonida o‘zining eng so‘nggi va kuchli Kirin 990 5G chipsetini qo‘llagan. Mazkur protsessor 7 nanometrlik texnologik jarayon asosida ishlangan bo‘lib, yuksak samaradorlikdagi ikkita Cortex-A76, ikkita o‘rtacha – Cortex-A76 hamda to‘rtta kichik – Cortex-A55 yadrolarini o‘zida jamlagan; ularning ishlash chastotalari esa tegishlicha 2.86 GGs, 2.36 GGs va 1.95 GGs.ni tashkil etadi. Protsessorga beshinchi avlod uyali aloqa standartini qo‘llab-quvvatlovchi Balong 5000 modemi ham qo‘shilgan.

O‘QING: AnTuTu reytingi: Interneti eng tezkor smartfonlar

Quyidagi videoda Huawei Mate Xs smartfonini «jonli» ko‘rishingiz mumkin:

Buklamafon EMUI 10 grafik qobig‘i ostidagi Android 10 operatsion tizimi bilan taqdim etilgan, ammo unda Google servislari mavjud emas.

O‘QING: Google: «Huawei qurilmalarini o‘zingiz mustaqil yangilamang»

Aslini olganda, bu – bulturgi Mate X modelining ilg‘or versiyasi, deyish mumkin, ammo ba’zi jihatlari ancha yaxshilangan. Avvalo, bukilib-ochilishlari ziyonsiz va silliq bo‘lishi uchun unda yangilangan Falcon Wing sharniri qo‘llangan. Qolaversa, Mate Xs ekrani ikki qavatlik poliamid plyonka bilan qoplangan (o‘tgan yilgi buklamafon displeyida esa u bir qavatli). Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, shular evaziga bu yilgi flagmani o‘z «ajdod»iga nisbatan 80 foizga mustahkamlashgan.

Flagman boshqa jihatlari bilan Mate X’dan farq qilmaydi: 8 dyuymlik AMOLED-ekrani 2480x2200 piksellik bo‘lib, korpusi yopilganida u 6.6 va 6.39 dyuymlik ikkita displeyga aylanadi.

Mate Xs akkumulyatori 4500 mA/soatlik, u 55 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvatlana oladi. Huawei ziqnalik qilmasdan, tegishli quvvatlagichni ham smartfon qadog‘idagi jamlanmaga kiritgan.

Mazkur smartfon 8 gigabaytlik tezkor va 512 gigabaytlik ichki xotira, 40 + 16 + 8 megapiksellik kamera hamda suratga olinayotgan sahna chuqurligini o‘lchovchi TOF-kamera bilan ta’minlangan. Huawei ushbu mahsulotini mart oyida global bozorga chiqarmoqchi va uning uchun 2500 yevro so‘rayapti.

O‘QING: Dunyo smartfon bozorida yetakchi kim o‘zi? (2 ta reyting)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!