Kuchaytirilgan kamerali Galaxy Note 9 taqdimot sanasi va joyi ma’lum bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  1437
  •  04.06.2018 10:42

Kuchaytirilgan kamerali Galaxy Note 9 taqdimot sanasi va joyi ma’lum bo‘ldi

Janubiy koreyalik texnogigant o‘zining Galaxy Note 9 planshetofonini ushbu yilning iyul oyi o‘rtalarida taqdim etishni rejalashtirayotgan edi. Ammo kompaniya uni yanada hashamdor dizaynda ishlab chiqarishga qaror qilganligi sababli bu namoyish yana kechiktirgani haqida yozganmiz.

O‘QING: Samsung rahbari Galaxy Note 9'ni tanqid qildi

Bloomberg nashri tarqatayotgan yangi ma’lumotga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 9 fabletini joriy yilning 9 avgustida taqdim etadi. Manbaning ta’kidlashicha, mazkur qurilma namoyishiga bag‘ishlangan Galaxy Unpacked matbuot anjumani shu kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadi.

Agar bu xabar tasdiqlansa, u holda Galaxy Note 9 o‘zining «ajdod»i – Galaxy Note 8 modelining o‘tgan yilgi taqdimot sanasidan ikki hafta oldin ommaga ko‘rsatiladi. Yangi fabletning savdosini esa Samsung kompaniyasi avgust oyining so‘ngida boshlashni rejalashtirayotir. Shu tariqa, asosiy raqobatchi – yangi iPhone’lar chiqqunicha o‘z smartfoni savdosini kuchaytirib olish uchun janubiy koreyaliklarda ikki hafta vaqt bo‘ladi.

Manbalarning ma’lumot berishicha, yangi fabletning qo‘shaloq kamerasi hozirgi flagman – Galaxy S9+ modelidagiga nisbatan yanada yaxshilangan bo‘ladi. To‘g‘ri, ularning datchiklari bir xil, ammo dasturiy ta’minotining yaxshi ishlanishi tufayli Galaxy Note 9’ning qo‘shaloq «ko‘z»lari yaxshiroq ishlaydi, deyishmoqda insayderlar.

Janubiy koreyalik ushbu kompaniyaning hozirgacha bozorga chiqarilgan ko‘plab modellardagi smartfonlari, jumladan, fevralda taqdim etilgan flagmanlarini ham O‘zbekistonda rasmiy kafolat bilan olish imkoni bor.

O‘QING: Bir yillik kafolatli Galaxy S9+ va boshqa Samsung smartfonlari narxlari (2018 yil 2 iyun)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.