Ko‘lamdor innovatsiyalarga boy Windows 10’ni bepul yuklab olish mumkin

Ko‘lamdor innovatsiyalarga boy Windows 10’ni bepul yuklab olish mumkin

Microsoft kompaniyasi bundan roppa-rosa 1 yil muqaddam, 29 iyul kuni e’lon qilgan Windows 10 operatsion tizimi kompaniya tarixidagi eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo‘ldi. Shu kunga qadar ushbu operatsion tizim 170 milliondan ziyod elektron qurilmalarga o‘rnatilgan.  Ya’ni, Windows 7 tizimi shu davr oralig‘ida ko‘rsatgan natijadan 145 foizga ko‘p degani.

Ayni kungacha jahon bo‘ylab foydalanuvchilar 100 mlrd soatga yaqin vaqtini ushbu tizimda o‘tkazdilar. Mazkur natija va muvaffaqiyatdan ruhlanib ketgan kompaniya operatsion tizimning taqdim qilinganining bir yilligi munosabati bilan uning Windows 10 Anniversary (Yubiley talqini) talqinini  e’lon qildi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, jahon bo‘ylab 350 milliondan ziyod qurilmalar o‘z tizimlarini bepul yangilab olishlari mumkin.

Windows 10 Anniversary’da amalga oshirilgan keng miqyosli o‘zgarishlar operatsion tizimni nafaqat takomillashtirgan, balki qo‘shimcha funksiyalar bilan ham boyitgan. Hozir uni personal kompyuterlarga, bir necha hafta ichida boshqa qurilmalarga ham yuklab olish mumkin bo‘ladi.

Yangilanishlar

Windows 10 Anniversary’da “Pusk” menyusi o‘zgartirilib, endi o‘rnatilgan dastur va ilovalarning to‘liq ro‘yxati, shuningdek ogohlantirish va bildirishnomalar markazi aks etib turadi.

Shu bilan birga, dasturchilar Cortana ovozli yordamchisi haqida ham unutmaganlar: endi mazkur yordamchi tizim blokirovka tizimida ham faoliyat ko‘rsatib, unga buyruq berishda foydalanish uchun bir nechta yangi tillar ham qo‘shilgan.

Windows ilovalar do‘konida Cortana ovozli tizimida ishlashga mo‘ljallangan 1000 dan oshiq ilovalar mavjud.

Endi tizim foydalanuvchidan uning kundalik rejalaridan kelib chiqib, tushlikka buyurtma berish, taksi chaqirtirish kabi takliflarni so‘rab ko‘radi.

Ekran blokirovka qilingan bo‘lsa ham, Cortana virtual kotiba sizga yordam beradi. U bir vaqtning o‘zida bir necha qurilmalarga ishlashda mo‘ljallangan yagona dastur. Misol uchun, siz Cortana ogohlantirishini smartfondan oldingiz deylik. Uni personal kompyuterda o‘tirib hal qilsangiz ham bo‘ladi. U sizni bu yerda ham taniydi.

“Qani, Cortana, menga klassik musiqalardan qo‘yib ber-chi”, desangiz bo‘ldi, yordamchi zudlik bilan sizning aytganingizni bajaradi.

“Jonli plitkalar” ham o‘zgarishlardan bebahra qolmagan. Endi ular bo‘limlarga bo‘lib chiqilgan. Microsoft Edge brauzeri ham yanada qulaylashtirilgan bo‘lib, foydalanuvchilar uni Windows do‘konidan yuklab olishlari mumkin.

Shu bilan birga, Windows 10’ning yangi talqinida to‘q ko‘k rangli “mavzu” (tema) bezagi ham qo‘shilgan.

Windows Hello xavfsizlik tizimi

Windows Hello tizimi foydalanuvchilar uchun allaqachon tanish. Kompyuter kamerasi foydalanuvchining yuzi, ko‘zining rangdor pardasini skaner qilib, egasini tanisa, so‘ng tizimga kiritadi.

Shuningdek, barmoq izlarini o‘quvchi qurilma yordamida ham ushbu tizim xavfsizlikni ta’minlaydi.

Yangi talqinda Window’ning Hello xavfsizlikni ta’minlash tizimidan Windows Store’dagi pullik ilovalar yordamida foydalanish mumkin.

Shuningdek, yangi talqindagi operatsion tizimda  Microsoft Edge brauzeridan foydalanish uchun ham biologik skanerdan o‘tish kerak bo‘ladi.

Windows Ink orqali tizimni qalamcha yordamida boshqarish

70% odamlar kun davomida har soatda bir marta ruchka yoki qalam yordamida qaydlar, eslatmalar yozadi. Bloknot, doskaga yozish, ruchkadan foydalanishga odatlanganlar uchun Windows Ink funksiyasi taqdim etilmoqda. U orqali Windows’ni  maxsus stilus yordamida boshqarish, eslatmalar yozish, chizmalar chizish, doskadagi kabi stikerlar tayyorlash mumkin.

Windows Ink funksiyasi Xarita, Microsoft Edge va Office kabi ilovalar bilan o‘zaro bog‘lab qo‘yilgan.

Tizim ishlab chiqaruvchilarining ma’lum qilishlaricha, Windows 10 Anniversary bundan keyin ham muntazam yangilib boriladi va imo-ishoralarni, qaydnomalar yozish va chizish funksiyasi boyitiladi. Yaqin oylarda operatsion tizimning HoloLens gologramma virtual voqelik shlemi hamda Surface Hub interaktiv doskasiga mo‘ljallangan talqinlari e’lon qilinadi.

1985 yilning 20 noyabrida ikl marotaba taqdim qilingan Windows mana, 30 yildan oshibdi hamki, Windows ochiq eko-tizimga ega operatsion tizim sifatida dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratib kelmoqda. Biz esa bulardan bahramand bo‘lishda davom etamiz.

Yangi talqinni qanday olish mumkin?
Windows 10’ning “Yubiley talqini” Windows 10 operatsion tizimi boshqaruvidagi kompyuterlarga ularning yangi yoki avvalgi qurilma ekanligidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich dunyo miqyosida tarqatiladi.
Yangilanishni olish uchun hech nima qilish shart emas: agar siz avtomatik yangilanishni o‘rnatish rejimini tanlagan bo‘lsangiz, tizim Windows Update xizmati orqali o‘zi yangilanadi.

Yoki «Windows’ni yangilash markazi»ga kirib, «Yangilanish mavjudligini tekshirish»ni tanlang. «Yubiley talqini» «Windows 10 Funksional yangilanish, 1607 talqin»ni tanlab “O‘rnatish” tugmasini bossa bo‘ldi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!