Lenovo narxi 189 dollardan boshlanuvchi noutbuklarni chiqardi

  •   DiMaX
  •  2843
  •  23.01.2018 14:07

Lenovo narxi 189 dollardan boshlanuvchi noutbuklarni chiqardi

Texnologik kompaniyalar o‘ta ilg‘or innovatsiyalarga ega top-modellar bilan birga, ta’limiy maqsadlarda qo‘llanuvchi turli qurilmalarni taqdim etishmoqda. Odatda bunday noutbuklarning narxi hamyonbop, o‘zi esa o‘smir-yoshlarga qulay bo‘ladi.

O‘QING: Microsoft ta’limiy Surface Laptop gadjetini taqdim qildi

Lenovo kompaniyasi ham ta’lim sohasiga mo‘ljallangan noutbuklarning yangi turkumini e’lon qildi. Ayni damda mazkur turkumga 189 AQSh dollariga narxlangan Lenovo 100e hamda sal qimmatroq transformerlar – 279 dollarlik Lenovo 300e va 500e modellari kiradi.

Lenovo 100e noutbuki diagonali 11,6 dyuymli displey va Intel Celeron N3350 (Apollo Lake) protsessori bilan jihozlangan. Uning avtonom ishlash vaqti 10 soatga yetishi aytilmoqda.

Teskarisiga ham buklanuvchi Lenovo 300e esa ikki konfiguratsiyada taqdim etiladi. Ulardan birinchisi Apollo Lake protsessori bazasida Windows operatsion tizimida ishlasa, ikkinchisi MediaTek MTK8173C protsessori va Chrome OS tizimiga asoslangan. Birinchisining bitta to‘la quvvat bilan ishlash muddati 8, ikkinchisiniki esa 10 soatni tashkil etadi.

Lenovo 500e transformeri esa ekrani 11,6 dyuymli xrombuk bo‘lib, Intel Celeron N3450 (Apollo Lake) protsessori bazasida ishlaydi. Uning tezkor xotirasi 8 GB, doimiy xotirasi esa 64 GB hajmga ega. Bu modelning avtonom ishlash vaqti ham 10 soatga yetadi, deyishmoqda.

Mazkur noutbuklarning ochiq savdoga chiqarilish vaqti hozircha ma’lum qilinmagan.

O‘QING: Eng baquvvat – o‘yinlar, dasturlash va veb-dizaynga mos noutbuklar narxlari (2018 yil 15 yanvar)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!