MacBook “kushandasi”ni Asus 2 barobar arzonga sotuvga chiqardi

MacBook “kushandasi”ni Asus 2 barobar arzonga sotuvga chiqardi

Tayvanlik ishlab chiqaruvchi Asus bugungi noutbuk bozoridagi raqobatni hisobga olib, nihoyat yaxshi gadjetlarni arzon bahoda sotuvga chiqarishga qaror qildi. Jumladan, brendning sotuvga chiqqan so‘nggi VivoBook S510 laptopi taniqli MacBook noutbuklariga qarshi raqobatga kirishadi. Qurilma yuqori samaradorlikka ega platforma va ixcham o‘lcham hamda raqibiga qaraganda ancha-muncha arzonligi bilan o‘ziga xosdir.

Windows 10 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadigan VivoBook S510 devaysi 7-avlod, ya’ni eng so‘nggi Intel Core i7 protsessorida ishlaydi. Uning 15,6 dyuymli Full HD (1920 x 1080 pikselli) displeyi old panelning 80% qismini egallab olgan. Noutbukda 8 gigabayt sig‘imli tezkor xotira mavjud.

Asus VivoBook S510’ning o‘ziga xos jihatlari qatorida USB-C hamda HDMI portlarining, naushnik uchun tuynuk, qo‘shimcha xotira uchun kartrider bo‘lmachasi, barmoq izlari skaneri hamda klaviatura osti chirog‘iga egaligini qayd etish mumkin,

Jumladan, VivoBook S510 korpusining chap tomonida 2 ta USB 2.0 portlari, SD/SDHC kartrideri, shuningdek tizim va xotira kartasining faolligini ko‘rsatuvchi indikator mavjud. Korpusning o‘ng tomonida esa quvvatlash uchun port, USB 3.0 (USB Type-C + USB Type A) porti, audio-tuynuk va HDMI porti uchun joy ajratilgan.

Metall korpusli gadjetning qalinligi 18 mm va u 1,7 kg tosh bosadi.

ASUS VivoBook S510 turli jihatli talqinlarda taqdim qilinadi. Noutbukning bazaviy eng arzon talqini $700 dollardan sotuvga chiqadi. Uning eng yuqori talqini Core i7 protsessori, 8 GB tezkor va 1 terabaytli doimiy xotiraga ega.

Ekspertlarning fikricha, VivoBook S510 jihatlari va imkoniyatlariga ko‘ra MacBook Air bilan bemalol raqobat qila oladi.

Aytish kerakki, Xiaomi kompaniyasi 2016 yilda Apple MacBook Air noutbukiga qarshi Mi Notebook Air nomli noutbuk modellarini sotuvga chiqargan edi. Uning 128 GB xotiraga ega talqini $735, 256 GB talqini $810 dollardan sotuvga chiqarilgan. Taqqoslash uchun aytamiz, Core i7 protsessori va 8/256 gigabaytli tezkor xotiraga ega MacBook Air’ning eng arzoni $1400 dollardan sotilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!