Mi 7 Plus – skanerli va “o‘yiq”li ekranga ega ilk Xiaomi smartfoni!

  •   DiMaX
  •  3187
  •  28.03.2018 17:44

Mi 7 Plus – skanerli va “o‘yiq”li ekranga ega ilk Xiaomi smartfoni!

Xiaomi kompaniyasi 27 martda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Mi MIX 2S flagmanini namoyish etdi va u ko‘p jihatlari bilan dunyodagi yetakchi smartfonlar qatoridan munosib joy oldi. Shu bilan birga, ko‘pchilik kutgan ayrim innovatsion xususiyatlar unga joriy etilmaganligi ham ma’lum bo‘ldi.

O‘QING: Xiaomi Mi Mix 2S flagmani taqdim qilindi

Endi esa «xitoycha Apple» o‘zining Xiaomi Mi 7 modelini taqdimotga tayyorlamoqda. Bundan tashqari, kompaniyaning yana bir – Mi 7 Plus rusumli flagman ustida ham ishlayotgani oshkor bo‘ldi. XDA forumidagi dasturchilar 28 mart kuni MIUI 9 proshivkasining so‘nggi alfa-versiyasini o‘rganib chiqayotib, ushbu modelga tegishli ayrim xususiyatlarni aniqlashdi.

Oxirgi proshivkani sinchiklab o‘rganib chiqqan dasturchilar unda dipper hamda dipperold kodli nomlarga ega smartfonlar haqidagi eslatmalarga duch kelishgan. Bulardan birinchisi ostida Xiaomi Mi 7 smartfoni yashirilgan, ikkinchisida esa uning yanada ilg‘or va qimmatbaho versiyasi – Xiaomi Mi 7 Plus ko‘zda tutilgan, deyishmoqda kuzatuvchilar.

Xabar qilinishicha, Xiaomi Mi 7 Plus ekranida kupertinoliklarning iPhone X superflagmanidagi kabi «kemtik»li ekran qo‘llanadi. Bugina emas – ushbu displeyning o‘ziga barmoq izi skaneri ham joriy etiladi!

O‘QING: Virtual skanerga ega ilk smartfon rasman taqdim qilindi

Operatsion tizimni ko‘zdan kechirayotib, dasturchilar unda hatto to‘liq o‘lchamli skrinshotni ham uchratishgan. U Mi 7 Plus modelida barmoq izi skaneri bevosita displeyning o‘ziga integratsiya qilinganligini isbotlab turibdi.

Qolgan jihatlariga keladigan bo‘lsak, Xiaomi’ning bu ikkala flagmani ham ekranning tepa qismida «o‘yiq»qa ega, ammo bu «kemtik» juda ixcham. Ekranning barcha burchaklari ham xuddi iPhone X’dagidek dumaloqlangan. Qurilmalar ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 bazasida ishlaydi.

O‘QING: Xiaomi Mi7'dagi bir jihat uning savdosiga salbiy ta’sir qiladi

MIUI 9 proshivkasida ko‘rsatilishicha, «xitoycha iPhone X» displeylariga o‘rnatiluvchi daktiloskopik sensorlarni birato‘la ikki kompaniya – Synaptics hamda Goodix yetkazib beradi. Bulardan birinchisi ayni damgacha bunday datchiklarni uchta – Vivo X20 Plus UD, X21 UD va Apex smartfonlari uchun yetkazib bermoqda.

Bularning bari shundan dalolat bermoqdaki, Xiaomi Mi 7 Plus ekranida IPS emas, balki albatta OLED-texnologiyalar qo‘llanadi. Zero, Synaptics va Goodix kompaniyalarining datchiklari faqat organik ekranlar bilanagina ishlay oladi.

Mi 7 Plus modeli yana Adreno 630 grafik tezlatgichi va Snapdragon X20 LTE modemi, 4000 mA/soat sig‘imli akkumulyatori va tezkor quvvatlash texnologiyasi, shuningdek, 2 karra optik zumga ega qo‘shaloq kamerasi bilan ham maqtana oladi.

Xiaomi Mi 7 hamda Mi 7 Plus smartfonlari shu yilning aprelidan iyunigacha bo‘lgan muddat oralig‘ida rasman taqdim etilishi kutilmoqda. Bu boradagi yangi ma’lumotlardan hamda narxlaridan birinchilar qatorida boxabar bo‘lib borish uchun bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Toshkentda Xiaomi smartfonlari va boshqa gadjetlari narxlari (2018 yil 26 mart)