Microsoft muhim sabab bilan HoloLens 2 taqdimotini kechiktirmoqda

  •   DiMaX
  •  317
  •  19.10.2018 17:21

Microsoft muhim sabab bilan HoloLens 2 taqdimotini kechiktirmoqda

2015 yili prototipi ko‘rsatilgan HoloLens nomli aralash borliq «aqlli» ko‘zoynagining dasturchilarga mo‘ljallangan versiyasini 2016 yili sotuvga chiqarishgandi. Microsoft kompaniyasi ushbu garnituraning ikkinchi avlodini 2019 yilning boshida taqdim etishi rejalashtirilayotgan edi.

O‘QING: Sun’iy ong: Microsoft’ning uyqusini qochirgan chiplar

Lekin mazkur taqdimot 2019 yilning ikkinchi choragi oxiriga qoldirildi, deya xabar berishmoqda insayderlar. Buning sababi esa ko‘zoynakda qo‘llaniladigan Windows Core OS operatsion tizimining tayyor emasligi bilan bog‘lashmoqda.

Kodli nomi Sydney bo‘lgan HoloLens 2 garniturasi o‘z «ajdod»iga nisbatan kengaytirilgan ko‘rish maydoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, Microsoft uni ancha yengil va foydalanishga qulay ham qilayotir.

Xabarlarga ko‘ra, yangi «aqlli» ko‘zoynakda ARM arxitekturasiga asoslangan protsessor qo‘llaniladi. Buning evaziga garnituraning avtonomligi, ya’ni bitta quvvat bilan ishlash vaqti oshadi. Shu bilan birga, HoloLens 2 so‘nggi avlod Kinect sensoriga hamda samaradorlikni oshirish uchun maxsus yaratilgan «sun’iy idrok» chipiga ham ega bo‘ladi.

Microsoft ushbu garniturasining narxini sezilarli darajada tushirishni rejalashtirmoqda, zero, uni korporativ bozorga chiqarmoqchi. Eslatib o‘tamiz, dasturchilar uchun taqdim etilgan birinchi avlod HoloLens naq 3 000 dollar turadi.

O‘QING: Mutaxassislar: Apple smart-ko‘zoynaklari ham iPhone kabi muvaffaqiyatga erishadi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!