Microsoft Xitoyda Apple rahbari Tim Kukni mot qildi

Microsoft Xitoyda Apple rahbari Tim Kukni mot qildi

Apple rahbari Tim Kuk so‘nggi vaqtlarda qayta va qayta Surface planshetlarini tanqid qilib, bir gal uni toster va muzlatkichga qiyoslagan edi. Baxtga qarshi, Xitoyda o‘tkazilgan jahondagi globallashuv mavzuidagi forumda ishtirok etgan Tim Kukka forum homiysi bo‘lgan Microsoft kompaniyasi yap-yangi Surface Pro 4 planshetini sovg‘a qilgan. Microsoft qarori zamirida “tanqid qilishdan avval, bizning qurilmadan foydalanib ko‘r” degan mazmun yotibdi. Shu taxlit, Timning noroziliklariga chek qo‘yilgan.

Microsoft ushbu gibrid planshet bilan birga kompaniya tomonidan ishlab chiqilayotgan HoloLens — to‘ldirilgan voqelik ko‘zoynagining namunaviy nusxasini ham taqdim qilgan edi. Kelajakda Microsoft va Apple o‘rtasida to‘ldirilgan voqelik texnologiyasini rivojlantirish bo‘yicha qizg‘in raqobat kelib chiqishi kutilmoqda.

Xitoyda o‘tgan forumda Tim Kuk globallashuv davrida ma’lumotlarni himoya qilishga oid ma’ruza bilan ishtirok etib, globallashuv jahon uchun ulkan imkoniyat ekanini, ammo uning foydasi mamlakatlar o‘rtasida teng taqsimlanmasligini aytib o‘tgan.