Mutlaqo romsiz smartfonni umuman tanilmagan bir kompaniya yaratdi (+video)

  •   DiMaX
  •  4636
  •  14.10.2017 17:09

Mutlaqo romsiz smartfonni umuman tanilmagan bir kompaniya yaratdi (+video)

Bu yil trendga chiqqan an’ana – smartfonlarning displeyi romsiz bo‘lishi, aslini olganda, nisbiy holat. Chunki ularning barchasida ham ekran atrofida yupqa bo‘lsa-da, rom mavjud. Ammo Xitoydagi, shu paytgacha nomini hech kim eshitmagan «oono» kompaniyasi eng romsiz smartfon prototipini yaratdi, deb yozadi Androidheadlines nashri.

To‘g‘ri, bu qurilmani ham butkul romsiz deyish unchalik to‘g‘ri emas, ammo displeyning yuqori va pastki qismida keng romlari bo‘lgan raqobatchilaridan farqli ravishda, mazkur smartfonning ekrani atrofi bir xildagi yupqagina rom bilan chegaralangan.

Haqli savol tug‘iladi: old kamera va boshqa datchiklar-chi, ular qayerda joylashgan? Ishonavering, «oono» kompaniyasi ularni displey ostiga yashirishni uddalagan! Gap shundaki, mazkur devays o‘ziga xos slayder formatida ishlangan: barmoqlarning yengil harakati bilan ekran asosiy korpusdan pastga suriladi. Uning ostida – asosiy korpusning yuqori qismida kamera va boshqa kerakli datchiklar joylashgan.

Mana, o‘zingiz bir nazar soling-da:

Hozircha ushbu prototipni yakuniga yetgan smartfon, deya baholashga erta. Chunki yoritilganlik datchigi hamisha qurilma yuzasiga tushayotgan yorug‘lik miqdorini aniqlab turishi kerak-ku. Mazkur prototipning tuzilishi esa bunga yo‘l bermaydi. Shuning uchun, agarda smartfon shu holida ishlab chiqarilsa ham, ekran yorqinligini faqat qo‘ldagina sozlash mumkin bo‘ladi. Lekin, korpusning old panelini 100 foiz egallovchi shunday ulkan romsiz displey evaziga shunday qilsa ham bo‘laveradi, nima dedingiz?

Bunday gadjetning yana bir kamchiligi – korpusining qalinligi hamda qurilmaning o‘zgacha form-faktori evaziga unga yetarlicha sig‘imli akkumulyator o‘rnatib bo‘lmasligidir. Aytish kerakki, shu paytgacha ishlab chiqarilgan slayder form-faktoriga ega smartfonlarning so‘nggisi – 2015 yilgi Blackberry Priv bo‘lgan edi.