Muvaffaqiyat tarixi: Xiaomi asoschisi xitoylik Stiv Jobs haqida

Muvaffaqiyat tarixi: Xiaomi asoschisi xitoylik Stiv Jobs haqida

Hozirda smartfonlar biznesi jahondagi eng innovatsion bozorlardan biriga aylangan, desak xato qilmaymiz. Mazkur bozorda garchi ko‘p yillik tarixga ega yirik texnologiya gigantlari yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da (Apple, Samsung, Huawei), biroq sohaga yaqindagina shiddat bilan kirib kelib, mijozlarning e’tiboriyu e’tirofini qozonayotgan brendlar ham yo‘q emas. Bunday shovvozlar qatoriga, hech shubhasiz, Xitoyning Xiaomi kompaniyasini kiritish mumkin.

Xo‘sh, firmaning bu qadar tez rivojlanishiga nima turtki berdi? Karvonning boshida aslida kim turgan edi?

Xiaomi kompaniyasiga 2010 yilda asos solingan. Qisqa vaqt o‘tganiga qaramay, brend Xitoy bozorida o‘z pozitsiyasini mustahkamlab, ayni vaqtda jahon smartfon bozorini zabt etmoqda. Albatta, bunday muvaffaqiyatlarga erishishda Xiaomi rahbari va asosichisi Ley Szyunning xizmatlari beqiyos bo‘ldi…

Ley Szyunni Xitoyda haqli ravishda “xitoylik Stiv Jobs” deb atashadi. U firmasi ishlab chiqargan arzon va sifatli qurilmalar bilan mijozlarning hurmatini qozonib kelmoqda.

Yoshlik va talabalik

Ley Szyun 1969 yilda Xitoyning Syantao (Xubey provinsiyasi) shahrida tug‘ilgan. Shahar, asosan, yengil atletikachi yoshlari bilan yaxshi tanilgan edi. Biroq Ley o‘zgacha yo‘lni tanlaydi va 1987 yilda Uxan universitetining kompyuter texnologiyalari bo‘yicha ixtisoslashgan fakultetiga o‘qishga kiradi. Afsuski, u paytlarda kompyuterlar hali yaxshi ommalashmagan, butun boshli universitetda bittagina kompyuter bilan jihozlangan sinf xonasi bor edi, ustiga-ustak sinf ko‘pincha sovuq bo‘lar edi. Biroq bunday omillar Leyni ishtiyoqini so‘ndira olmadi, u vaqt topdim deguncha kompyuter xonasiga yugurardi. Shunday qilib u dasturlash tillarini yaxshi o‘zlashtirdi va kompyuter avtomatikasini o‘rganib bordi.

013534smk

Ilk odimlar

Hali universitetning ilk bosqichlarida tahsil olib yurgan chog‘laridayoq Ley Szyun o‘z kompaniyasiga asos solishni orzu qilardi. Hatto u ikkinchi kursda o‘qib yurganida kursdoshlari bilan birgalikda “Sariq atirgul” nomli kompyuter texnologiyalari to‘garagini tashkil qiladi. Talabalikning so‘nggi yillarida esa u Xitoyda mashhur dasturchi bo‘lib tanildi. Hatto ba’zi nashrlar talaba Ley Szyunni “millioner”ga aylangan deb yozishdi ham. Garchi bu biroz mubolag‘ali bo‘lsa-da, Ley o‘sha paytda yaratgan dasturlari orqali mo‘maygina mablag‘ yig‘ishga ulgurgan edi.

Kareraning boshlanishi

O‘qishni yakunlagach, 21 yoshli Ley Szyun poytaxt Pekinga qarab yo‘l oladi. U yerda qahramonimiz ilmiy-tadqiqot institutida biroz muddat ishlaydi.

1991 yilda Leyning hayotida ulkan burilish yuz beradi: kompyuter texnologiyalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmada u Kingsoft firmasi prezidenti Syu Botszyun bilan tanishadi. Oradan bir necha kun o‘tgach Ley antivirus dasturlar yaratadigan mazkur kompaniyaga ishga taklif qilinadi.

1992 yilda Ley Kingsoft kompaniyasiga ishga qabul qilinib, 6 ta xodimning biriga aylanadi.

Parvoz

1998 yilga kelib Ley Kingsoft kompaniyasining bosh direktori lavozimiga tayinlanadi. U kompaniya boshqarish bilan bir qatorda mediafayl va kitoblarni sotishga mo‘ljallangan Joyo.com nomli sayt ustida ish boshlaydi. Mazkur sayt 2004 yilda Amazon kompaniyasi tomonidan 75 mln dollarga sotib olinadi.

Mazkur kelishuv natijasida Ley axborot texnologiyalarini, xususan, internetning imkoniyatlarini chuqur anglab yetadi va aynan internet biznesiga yo‘naltirilgan startaplarni moliyalashtirishni, ularga homiylik qilishni boshlaydi.

Lei-Jun-Xiaomi-offices-01

Xiaomi’ning yaratilishi 

Hali qirq yoshni qarshilamagan ishbilarmon juda ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi: u 2009 yilda milliardlab dollar mablag‘larga egalik qilish bilan birga, Kingsoft raisining o‘rinbosari vazifasida ishlardi. Biroq uning yoshlikdagi orzusi, hali-hamon amalga oshmagan edi.

2010 yilga kelib Ley Szyun o‘z hamkorlari bilan birlalikda (ularning orasida oldinroq Google va Microsoft kompaniyalarida ishlagan Lin Bin ismli do‘sti ham bor edi) Xiaomi startapiga asos soladi. Xitoy tilidan tarjima qilinganda, Xiaomi “guruch donasi” degan ma’noni bildiradi. Startapga asos solgan 8 kishining hammasi ushbu tashabbus ularga naqadar qimmatga tushishini yaxshi anglashardi. Biroq ularga omad kulib boqdi va Xiaomi yangi texnologiyalar sanoatida eng ilg‘or firmalardan biriga aylandi.

XiaomiFounders

Android smartfonlar uchun mo‘ljallangan MIUI interfeysi (proshivka) Xiaomi firmasining ilk mahsuloti sanaladi.

2011 yilda birinchi Xiaomi Android smartfoni (Mi One) taqdim etildi, u kuchli dastur va texnik parametrlar bilan ajralib turardi. Buning ustiga smartfon raqobatchilarning qurilmalariga qaraganda bir muncha arzon narxda bevosita internet-do‘kon orqali sotilardi.

Lei Jun

2012 yilda kompaniyaning umumiy kapitali 40 mln AQSh dollariga baholanadi. Ushbu yilda Ley Szyun fan va texnika taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun Xitoy milliy mukofotiga ham loyiq ko‘riladi. 2014 yildan boshlab kompaniya xalqaro bozorda o‘z mahsulotlarini sotishni boshlaydi.

2015 yilda Xiaomi 68 mln AQSh dollariga Kingsoft kompaniyasining 2,98% aksiyalarini xarid qiladi.

Ley Szyun haqida faktlar

U hali-hamon Kingsoft kompaniyasining direktorlar kengashiga a’zo va uning 15% aksiyalariga egalik qiladi.

Forbes jurnalining 2015 yildagi axborotiga ko‘ra, Ley Szyunning boyligi 13,3 mlrd dollarga teng bo‘lib, u Xitoydagi eng boy kishilar o‘ntaligiga kiritilgan.

CFP459273402

Ley Szyun haftasiga 40 soat emas, 100 soat mehnat qiladi. Garchi xitoyliklar uni “ikkinchi Stiv Jobs” deb atashsa-da, Ley bunga salbiy munosabat bildiradi. Uning fikricha, Apple va Xiaomi butunlay boshqa-boshqa kompaniyalar, ularning strategiya va qarashlari juda farqli. Shunday bo‘lsa-da, Ley Stiv Jobsning ishidan ilhomlanganini hech qachon inkor etmaydi.