Naq 14.000 dollarlik, lekin Snapdragon 660 chipli Vertu Aster P smartfoni taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  2336
  •  18.10.2018 09:44

Naq 14.000 dollarlik, lekin Snapdragon 660 chipli Vertu Aster P smartfoni taqdim etildi

Lyuks smartfonlar brendi – Vertu bozorga qaytayotganligi haqida kuni kecha xabar bergandik. Nihoyat, shu ish amalga oshdi – 17 oktyabr kuni Xitoyda uning Aster P rusumli yangi telefoni taqdim etildi.

O‘QING: Vertu o‘zining eng kuchli smartfonini namoyish etdi

Vertu originallikka qanchalik intilsa ham, Aster P modeli baribir kompaniyaning avvalgi smartfonlariga o‘xshab qolgan. Bu uning dizayniga ham, korpusi materiallariga ham, narxiga ham tegishli. Darvoqe, yangi smartfonga, konfiguratsiyasidan kelib chiqqan holda, 5.000 dan to 14.000 dollarigacha narx qo‘yilgan!

Xo‘sh, Vertu buncha qimmat narx evaziga Aster P smartfonida nimalarni taklif etayotir? Afsuski, tashqi hashamdorligiga qaramay, uning «ichki dunyosi» unchalik boy emas – texnik xususiyatlari flagmanlarga emas, balki o‘rta narxli smartfonlarga to‘g‘ri keladi.

Qisqacha qilib aytganda: korpus o‘lchamlari 149,8x71x10,1 millimetr, vazni 220 gramm; 5 dyuymlik AMOLED-displeyining tasvir sifati Full HD formatida. Flagman protsessorlar naryoqda tursin, hatto Snapdragon 700 turkumi ham emas, balki undan-da pastroq Snapdragon 660 chipi o‘rnatilgan. Tezkor xotirasi 6, doimiy xotirasi esa 128 gigabaytlik. Akkumulyator tok sig‘imi 3200 mA/soatga teng, unga tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan. Selfi-kamerasi 20 megapiksellik, asosiy kamera esa 12 megapiksellik yakka sensorlardan iborat. Zamonaviy USB-C portiga hamda kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduliga ega. Operatsion tizimi ham eng so‘nggi emas, balki Android 8.1 talqinida.

O‘QING: Xiaomi o‘zining eng qimmat mahsulotini chiqardi – u asosan yoshlar va yosh oilalarga mo‘ljallangan

O‘rtacha texnik xususiyatlariga qaramay, Vertu Aster P ushbu brendning an’analariga mos tarzda, Angliyada qo‘lda terilgan materiallar asosida bezakli qilib ishlangan. Korpusning romi titandan ishlangan, ekraniga 133 qirotlik sapfir shishasi yotqizilgan. Orqa qopqog‘ida timsoh va kaltakesak terisi qoplamalari mavjud, tugmachasi esa qimmatbaho yoqut (rubin) toshidan. Dazzling Gold versiyasi – eng qimmati, ya’ni 14.000 dollarlik bo‘lib, qo‘shimchasiga unda tilla ham ishlatilgan.

Qizig‘i shundaki, Vertu rasmiy saytida hozircha bu model haqida hech nima deyilmagan, yuqoridagi barcha ma’lumotlar JD.com internet-do‘konidan olingan. Shunga qaraganda, Vertu Aster P birinchi navbatda Xitoy bozoriga mo‘ljallanmoqda.

Ayni damda shu bitta smartfon puliga Terashop.uz internet-do‘konimizdan bir nechta smartfon, planshet, noutbuk, kamera, televizor, kompyuter va uning jihozlari, smart-soat va turli aksessuarlar olish imkoni mavjud...

O‘QING: Vertu $20,000 dollarlik telefonini ‘arzon’ga auksionga qo‘ydi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!