Nega bolaning gadjetlar bilan o‘tkazadigan vaqtini cheklash kerak?

  •   DiMaX
  •  2627
  •  07.05.2017 15:44

Nega bolaning gadjetlar bilan o‘tkazadigan vaqtini cheklash kerak?

Pediatrlar va bolalar ruhshunoslari bir-yarim – ikki yoshigacha bolaga umuman mobil qurilmalarni bermaslik, kattaroq yoshdagi bolalarning esa  devayslar bilan o‘tkazadigan vaqtini qat’iy chegaralash lozim, deyishadi.

Mutaxassislar taklif etayotgan cheklovlarni ko‘rib chiqishdan avval, mobil qurilmalar bolajonlarga qanday zarar yetkazishini anglash lozim.

Gadjetlardan foydalanish bolalarga quyidagicha salbiy ta’sir etadi.

1. Uyquning buzilishi

Londondagi Birbek universiteti mutaxassislari 6 oylikdan 3 yoshgacha bo‘lgan 715 nafar bolani tekshirib ko‘rib, ma’lum qilishlaricha, smartfon va planshetlar bilan o‘ynaydigan bolalar boshqalariga qaraganda kamroq uxlashadi. Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, qurilma ekrani oldida o‘tkazilgan har bir soat bola uchun uyquning 15,6 daqiqaga kamayishi, demakdir.

Mutaxassislardan biri – Tim Smitning ta’kidlashicha, bir qarashda bu judayam kam vaqt tuyuladi, ammo bolalarning to‘g‘ri rivojlanishi uchun uyquning har bir daqiqasi muhim. Tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, hayotining ilk yilida uyqu davomiyligining qisqarishi bolaning rivojlanishida uzoq muddatli asoratlar qoldiradi. Uyqu rejimining va uyquga ketishning buzilishi keyinchalik bolaning ruhiy va jismoniy salomatligida, tafakkuri taraqqiyotida va darslarni o‘zlashtirishida muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Ayniqsa, devayslarni uyqu oldidan ishlatish ko‘proq zarar yetkazadi. Ekranlar taratuvchi moviy nur organizmda uyqu gormoni – melatonin ishlab chiqarilishini qiyinlashtiradi. Bu nafaqat bolalarga, balki katta yoshdagilarga ham tegishlidir. Masalan, kattalar smartfonga tobelikdan qutulishlari mumkin, ammo kichkintoylar uchun bu qiyin kechadigan jarayon.

2. Ortiqcha qo‘zg‘alish va psixikaga ta’sir

Avlod almashgani sayin giperaktiv (o‘ta faol) bolalar soni oshib borayotganligi kuzatiladi. Ekrandagi yorqin va tez almashinuvchi tasvirlar asab tizimining yirik miqdordagi ortiqcha qo‘zg‘alishlariga olib keladi, bu esa mazkur tizim faol shakllanishda bo‘lgan pallada ayniqsa zararlidir.

Ota-onalar ko‘pincha bolani tinchlantirish uchun unga devayslarni berib qo‘yishadi, biroq bu bilan faqatgina undagi impulslilik – g‘ayriixtiyoriy harakatchanlikni oshirayotganliklarini bilishmaydi.

Shuningdek, olimlar bolalar orasidagi tajovuzkorlik va ruhiy kasallik holatlarining o‘sishini texnologiyalar bilan bog‘lashmoqda. Asab tizimida buzilishlar yuzaga kelgan kattalarning ta’kidlashlaricha, shifokorlarning ularga tavsiyalaridan biri – ekran oldida (televizor yoki mobil qurilma bo‘lishidan qat’i nazar) kamroq bo‘lish. Kattalar uchunki cheklashayotgan ekan, demak, ruhiyati hali o‘ta nozik bo‘lgan bolajonlarning ekran bilan muloqotini cheklashimiz o‘ta muhim.

3. Jismoniy sog‘likdagi muammolar

Bolalar uchun jismoniy faollik o‘ta muhim – bolaning harakatchanligi me’yoriy holat hisoblanadi. Gadjetlar esa faqat mayda motorika uchungina foydali – bola barmoqlaridan unumli foydalanadi. Mobil qurilmalardan ko‘p foydalanuvchi kichkintoylar boshqalariga nisbatan faqat shu jihati bilangina yaxshiroq rivojlanadi. Ammo boshqa tomonlariga ko‘ra ular devayslardan uzoqroq bo‘lgan tengdoshlaridan orqada qolishadi. Ayniqsa, jismonan kamharakat bo‘lgani va egilib o‘tirgani uchun, bolaning umurtqasi qiyshiq o‘sishi va ortiqcha vazn to‘plashi – yaqqol ko‘rinib turgan salbiy holat.

Shuningdek, muntazam lipillab turuvchi yorqin displeyning ko‘zga zarar yetkazishini ham nazardan qochirmaslik lozim.

Yana bitta xavf – radiatsiya: mobil qurilmalar Butunjahon sog‘likni saqlash tashkiloti tomonidan ehtimoliy kanserogenlar, ya’ni – saraton sababchilaridan biri sifatida e’tirof etilgan. O‘sib kelayotgan organizm nurlanishlarning salbiy ta’siriga ko‘proq beriluvchan bo‘ladi. Bu jihatdan eng zararli smartfonlar haqidagi maqolamizga nazar solishingiz mumkin. Shuningdek, smartfonlardan haddan tashqari ko‘p foydalanish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jismoniy zararlar haqida ham saytimizda ma’lumot mavjud.

4. Muloqot ko‘nikmalarining yetishmasligi

Bolaning qo‘liga biror gadjetni berib qo‘yish orqali uning xarxashasidan qutulgan ota-ona, farzandini o‘rganish imkoniyatidan mahrum etadi. Muhim muloqot ko‘nikmalarini hosil qilish uchun, kichkintoy o‘z ota-onasi bilan ko‘rishib va teginishib muloqotda bo‘lishi lozim. Bola nutqni o‘rganishi, his-tuyg‘ularni anglashi va nihoyat, shunchaki o‘z ota-onasi bilan foydali o‘yinlar o‘ynab turishi darkor.

Oltinchi sinf o‘quvchilari ishtirok etgan tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, tajribalar mobaynida elektronika jihozlaridan foydalanmagan bolalar hissiyotlarni yaxshiroq tushunishgan.

Agarda kichkintoyning insonlar bilan o‘zaro muloqotda bo‘ladigan vaqti devayslarga sarflansa, bu hol kelajakda qarindoshlar bilan aloqalarga, boshqa bolalar bilan muloqotga, o‘z-o‘ziga nisbatan munosabatga hamda hissiy intellektga salbiy ta’sir o‘tkazadi.

5. Bolaning rivojlanishi kechikishi

Bolakaylar dunyoni anglashda asosan teginish, silab ko‘rishga asoslanishadi: ular jismlarning shakli va sirtini ushlab ko‘rish orqali o‘rganishadi. Planshet yoki smartfon yordamida kichkintoy ranglarni, harf va so‘zlarni yaxshiroq o‘rganishi – bor gap, ammo hajmli predmetlarga gadjetlar orqali teginib o‘rganish imkoni umuman yo‘q.

Maktabga qabul qilish pallasida ayrim bolalar rivojlanishdan orqada qolib ketgani oydinlashadi; bu esa ularning savod chiqarishi va darslarni o‘zlashtirishida namoyon bo‘ladi. Bular aynan bolalarning go‘dakligidanoq gadjetlarga bog‘lanib qolganliklari sabablidir.

Shuningdek, shifokorlarni tashvishlantirayotgan yana bir jihat: elektron qurilmalar bilan vaqt o‘tkazish bolalarda fikrni jamlab olish, diqqatini bir narsaga qaratish, ta’lim olish va eslab qolish qobiliyatlarini pasaytiradi. Bu hozirgi zamon meditsinasi tilida «raqamli demensiya» deb ataladigan kasallik hisoblanadi.

Mobil qurilmalarni bola necha yoshdan ishlata boshlagani ma’qul?

Amerika pediatrlar assotsiatsiyasi avval bolaga ikki yoshigacha smartfon yo planshet bermaslik lozimligini ta’kidlagan. Endi esa cheklovni sal yumshatishgan: bolaga bir yarim yoshidan gadjetlar bilan o‘ynashga ruxsat berish mumkin. Faqat bunda ota-onaning nazorati ostida bo‘lishi va yoshiga mos kontent (go‘daklar uchun o‘yinlar singari) bilan o‘ynashi shart.

2–5 yoshlardagi bolalarning devayslar bilan bo‘lish vaqtini sutkada bir soat bilan cheklashni tavsiya etishadi.

6–12 yashar bolalar esa, pediatrlarning fikricha, texnologiyalarga bir kunda ikki soatgacha vaqt ajratishlari mumkin.

Microsoft rahbari, jahonning eng boy kishisi bo‘lgan Bill Geyts esa to farzandlari 14 yoshga kirmagunlariga qadar ularning smartfondan foydalanishlariga ruxsat bermagan.

Chegaralar asosli bo‘lsin

Farzandingizning devayslar bilan vaqt o‘tkazishida oqilona chegaralar o‘rnatishga yordam beruvchi bir nechta tamoyilni ham inobatga oling:

  • Smartfon va planshetlar bolaning jismoniy faolligiga, real o‘yinlariga va uyqusiga xalaqit bermaydigan bo‘lishi darkor.
  • Yaxshisi, gadjetlar bilan bo‘ladigan vaqtini 15–20 daqiqa oralatib jismoniy faollik bilan almashtirib turing.
  • Uxlashga yotishdan bir necha soat oldinoq bolaning qo‘lidan devaysni olib qo‘ying.
  • Farzandingiz biror nimadan asabiylashib, jazavasi qo‘zib turgan payti unga mobil qurilma bermang.
  • Shaxsiy e’tiborni, muloqotni gadjetlar orqali muloqotga almashtirmang.

Bola qurilmani qanday qilib foydali ishlatishi mumkin?

Yuqorida ta’kidlanganidek, bolaning devayslardan foydalanish muddatigina emas, balki ularda aynan nimalar bilan shug‘ullanishi ham muhim. Bu borada quyidagilarga e’tibor qarating:

  • Bola interfaol ermaklar bilan ko‘proq shug‘ullansin: ko‘ngilochar video ko‘rganidan ko‘ra, rivojlantiruvchi o‘yinlar o‘ynagani ma’qulroq.
  • Tasvirlari tez-tez almashinib turuvchi, g‘ayritabiiy darajada yorqin ranglarga ega o‘yinlar o‘ynamasin. Shuningdek, ekran yorqinligini kamaytirib qo‘yganingiz ma’qul, chunki bolalar ko‘radigan ilovalarda shundog‘am yorqin, och ranglar ko‘p bo‘ladi.
  • Planshet yo smartfonda farzandingiz bilan birga o‘zingiz ham shug‘ullaning: vazifalar qanday bajarilishini ko‘rsatib bering, birgalikda suratlar chizing, ota-onalar ishtiroki talab etiladigan o‘yinlarni o‘zingiz birgalikda ko‘chirib olib bering.
  • Kichkintoyni qurilma bilan uzoq vaqt yolg‘iz qoldirmang. Agarda internet yoqiq bo‘lsa, cheklov o‘rnating, toki bola yoshiga mos bo‘lmagan saytlarga kirolmasin va shunday narsalar ko‘chirib olmasin.
  • Gadjet bolaning ko‘ziga juda yaqin joylashmasligini nazorat eting. Eng maqbul oraliq – 40 sm.

Yuqoridagi jihatlarini esdan chiqarmagan holda, tanganing ikkinchi tomoniga ham ahamiyat qarating: me’yorida foydalanilsa, bu qurilmalar bolaning rivojlanishida ijobiy ahamiyatga ham ega. Bundan tashqari, zamonaviy devayslar – bugungi kunning hayotiy zarurati, ularsiz yashishning o‘zi qiyin. Shunday ekan, farzandlaringiz mobil qurilmalarga va zamonaviy texnologiya vositalariga juda berilib ketmasdan, me’yorida o‘rganib borsin.