Nokia 9 PureView flagmanining besh modulli kamerasi misli ko‘rilmagan funksiyalarga boy!

  •   DiMaX
  •  615
  •  03.10.2018 12:49

Nokia 9 PureView flagmanining besh modulli kamerasi misli ko‘rilmagan funksiyalarga boy!

Joriy yilning avgust oyi oxirida ma’lum bo‘lishicha, HMD Global kompaniyasi PureView brendini Microsoft’dan xarid qilib olgan. Bir zamonlar ushbu nom ostida Nokia kamerofonlari chiqqan.

O‘QING: Nokia yana bir afsonaviy brendni «tiriltirmoqchi»

Mashhur insayder Roland Kuandt (Roland Quandt) ta’kidlashicha, mazkur kompaniyaning besh modulli bosh kameraga ega flagman smartfoni rasman Nokia 9 Pureview deb nomlanadi. MWC 2019 ko‘rgazmasida taqdim etilishi kutilayotgan mazkur qurilma haqida ko‘plab ma’lumotlar e’lon qilganmiz.

Yangi xabarlarga qaraganda, yangi Nokia smartfonlarining kameralari maxsus dasturiy ta’minot tufayli bir qator ilg‘or funksiyalarga ega bo‘ladi. Ulardan ayrimlarining faqat nomi ma’lum va avval umuman biror smartfonsoz tomonidan qo‘llanmagan.

Jumladan, ilovaning chiqish kodida Twice Shot funksiyasi haqida eslatma bor, uning nima ekani hozircha noma’lum. Taxminlarga ko‘ra, unda kamera birdaniga ikkita surat oladi va yakuniy tasvir ularning eng yaxshi chiqqan qismlarini birlashtirishdan yaratiladi.

Refocus funksiyasi esa allaqachon olingan fotosuratda fokus nuqtasini o‘zgartirishga imkon beradi. Shuningdek, Retake (takroriy suratga olish) deb nomlanuvchi yangi funksiya haqida ham aniq ma’lumot yo‘q.

Bulardan tashqari, endi Nokia smartfonlarida ham iPhone’lardagi singari Portrait Lightening rejimi paydo bo‘ladi. HDR+ rejimi, ikki karralik zum – Dual Samera Zoom kabilar ham ularga yangi imkoniyatlar baxsh etadi.

Yuqoridagilarning barchasi ilk bora Nokia 9 Pureview flagmanida qo‘llanilishi kutilayotir. Bu borada yangiliklardan birinchilar qatorida boxabar bo‘lish uchun bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: Bunaqasi bo‘lmagan: Samsung hali e’lon qilinmagan Nokia 9 flagmanini Galaxy smartfoniga almashtirib bermoqchi!