«Oq xakerlik»ni o‘rganish uchun 6 ta eng yaxshi resurs

  •   DiMaX
  •  27558
  •  04.10.2017 18:30

«Oq xakerlik»ni o‘rganish uchun 6 ta eng yaxshi resurs

Odatda xaker deganda, biror saytga, birovlarning yoki biror tashkilotning ma’lumotlar bazalariga yovuz niyat bilan, tizimni buzish orqali kiradigan jinoyatchilar tushuniladi. Biroq bu – shunchaki xaking shakllaridan biri, xolos.

Aslida usta xaker umuman jinoyatchi bo‘lmasligi, birovga yordam berish uchun xaking harakatlarini amalga oshirishi ham mumkin. Yomon niyatdagi – noqonuniy xaking bilan shug‘ullanuvchilarni shartli ravishda «qora xakerlar» deya nomlaydigan bo‘lsak, birovga ziyon yetkazmaydigan «oq xakerlik» ham mavjud. Bunday xaking xavfsizlik tizimlaridagi xatoliklarni xakerlik hujumlari orqali topish va ularni bartaraf etish uchun xizmat qiladi.

Xakerlikning bunaqa shakli noqonuniy emas va u keyingi yillarda keng tarqalayotgan yo‘nalishlardan biridir. Chunki ko‘plab kompaniyalar o‘z saytlaridagi, tizimlaridagi «tuynuk»larni topib bergani uchun «oq xaker»larga haq to‘lashga tayyorlar. Masalan, Android mobil operatsion tizimidagi nuqsonni – himoyadagi buzib kirish mumkin bo‘lgan «darcha»ni topganlarga Google yaxshigina haq to‘laydi.

Agarda «oq xakerlik» sizni ham qiziqtiradigan bo‘lsa, u holda buni o‘rganishga yordam beruvchi ayrim resurslar ro‘yxatini quyida keltiramiz. Ular orqali siz bu sohada kerakli bilimlarni olishingiz hamda maslakdoshlar topib, fikr almashishingiz mumkin.

1. HACKADAY

Ushbu sayt o‘ta ommalashgan bo‘lib, kompyuter tarmoqlariga va boshqa qurilmalarning dasturiy ta’minotiga kirish bo‘yicha ko‘plab o‘quv qo‘llanmalarini o‘z ichiga olgan. Bundan tashqari, bu resursga muntazam tarzda xaking dunyosidagi yangiliklar kiritib boriladi. HACKADAY’ning o‘z YouTube-kanali ham mavjud – undagi videolavhalarda turli amaliy tavsiyalar ko‘rsatib beriladi.

Saytning o‘ziga ushbu havola orqali o‘tishingiz, uning YouTube-kanalini esa mana bu manzilga o‘tib tomosha qilishingiz mumkin.

2. Evilzone Forum

Bu – buzib kirish usullarini hamda ularni bartaraf etish yo‘llarini professional xakerlar bilan birga muhokama etish uchun tashkil etilgan platformadir. Savollar berish yoki javob qaytarish uchun saytda registratsiya – ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi.

Evilzone Forum’ga mana bu havola orqali o‘tasiz.

3. HackThisSite

Qisqacha nomi HTS bo‘lgan ushbu sayt xaking nazariyasini o‘rganish hamda buzib kirish malakalarini masalalarni yechish yordamida amalda sinab ko‘rishga yordam beradi. Shuningdek, unda ta’limiy materiallar hamda yangiliklar ham berib boriladi.

Mazkur resursga kirish uchun mana bu havoladan foydalaning.

4. Break The Security

Ushbu sayt xavfsizlik bo‘yicha sertifikatlangan kurslarni o‘qish imkoniyatini taqdim etadi. Unga ushbu havola yordamida o‘tishingiz mumkin.

5. EC-Council CEH

EC-Council (Elektron tijorat masalalari bo‘yicha maslahatchilar xalqaro kengashi) – turli kurslar o‘tkazuvchi professional tashkilotdir. Uning ommabop kurslaridan biri – CEH (Certified Ethical Hacker) bo‘lib, u «oq xakerlik» bo‘yicha o‘qitib, tegishli sertifikat ham beradi. Mazkur kursning sayti ta’lim olish hamda bilimlarni amalda qo‘llash uchun to‘liq jihozlar jamlanmasini o‘z ichiga olgan. Qisqasi, professional xaker bo‘lish uchun kerak bo‘ladigan hamma narsani shu yerdan topish mumkin.

EC-Council CEH sayti mana bu manzilda joylashgan.

6. Cybrary

Bu – axborot xavfsizligi bo‘yicha bepul onlayn-kurslarni taqdim etuvchi platformadir. Unga kirish uchun ushbu havoladan foydalanishingiz mumkin.

Shuningdek, axborot texnologiyalari mutaxassisi to‘g‘risidagi mana bu, dasturchilarning maoshlari haqidagi mana bu  hamda xakerlar qanday kompyuter va operatsion tizimdan foydalanishlari xususidagi ushbu maqolalarimiz bilan ham tanishib chiqishingiz mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!