O‘rta narxli Galaxy A21 surati chiqdi: Infinity-O displey, to‘rttalik kamera...

  •   DiMaX
  •  5976
  •  03.03.2020 16:03

O‘rta narxli Galaxy A21 surati chiqdi: Infinity-O displey, to‘rttalik kamera...

Yaqinda biz shu yilning eng xaridorgir bo‘lishi kutilayotgan smartfoni – Samsung Galaxy A11 surati va ma’lumotlarini e’lon qilgan edik. Android Headlines nashri esa ushbu turkumdagi yana bir – Galaxy A21 smartfonining rasmini tarqatdi.

O‘QING: Ikkita hamyonbop Samsung xiti tayyor: uchtalik kamera, baquvvat batareya, kuchli protsessor...

Ushbu qurilma dunyo bo‘yicha o‘tgan yilgi eng xaridorgir smartfonlar TOP-o‘ntaligiga kirgan Galaxy A20 modelining davomchisi bo‘ladi. Rasmga ko‘ra, Galaxy A21 smartfoni ham Infinity-O displeyi bilan maqtana oladi: old kamera tirqishi ekranning yuqori chap burchagida ochilgan. Gadjetning orqa panelida esa to‘rttalik bosh kamera va uning fotochaqnog‘i, shuningdek, barmoq izi sensoriga ko‘zimiz tushadi.

Samsung ushbu smartfonida zamonaviy USB-S portini qo‘llagan, yana 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishini ham qoldirgan. Kompaniya unda o‘zining Exynos 7904 protsessorini 4000 mA/soatlik akkumulyator qo‘llaydi.

Insayderlarga ko‘ra, ushbu modelda AMOLED-matritsali ekranning tasvir aniqligi HD+ formatida bo‘ladi. Galaxy A21 tezkor/ichki xotirasi esa tegishlicha 6/64 hajmda, yana microSD formatli xotira kartasi uchun slot ham bo‘lishini aytishmoqda. Afsuski, uning narxi va taqdimot vaqti borasida hozircha ma’lumot yo‘q, ammo tez orada namoyish etilsa kerak.

O‘QING: Tezkorlik reytingida Galaxy S20 uchligi barcha raqiblarining «abjag‘ini chiqardi»! (Master Lu, 2020 yil fevral)