P8 lite 2017: “Malika”dagi narxiga munosib “Huawei”

P8 lite 2017: “Malika”dagi narxiga munosib “Huawei”

2017 yilning 13 yanvarida taqdim qilingan Huawei P8 lite 2017 smartfoni boshlang‘ich narxdagi smartfonlar orasida eng yaxshi sotilayotgan model hisoblanadi. Zamonaviy protsessor hamda Android 7.0 operatsion tizimiga ega bu model samaradorlikda o‘zidan bir oz qimmatroq GR5 2017 hamda 2016 yilga mansub GT3 modellari orasida turadi. Biroq, ular hanuz Android 6.0 tizimida ishlaydilar. 

Ilk versiyadagi Huawei P8 Lite smartfoni 2015 yilda  sotuvga chiqarilgan bo‘lsa ham, o‘rta narxli smartfonlar bozorida o‘z ahamiyati yo‘qotmay kelmoqda. Hozirgacha bu model dunyo bo‘ylab 10 mln nusxada sotilgan. Shu bois bo‘lsa kerak, xitoylik ishlab chiqaruvchi ushbu smartfonning yangilangan versiyasini taqdim qilishga qaror qildi. Eng qizig‘i, hozirda mazkur modelning muqobili sifatida Huawei P9 Lite ham xaridorlarga taklif qilinmoqda.

O‘qingHuawei GR3: 1.3 mln so‘mlik gadjet nimalarga qodir?

Huawei P8 Lite (2017) 5,2 dyuymli Full HD LTPS ekran, sakkiz yadroli Kirin 655 protsessori, 3 Gb tezkor va 16 GB doimiy xotira bilan jihozlangan. Asosiy kameraning aniqligi 12 MP, aperturasi F / 2.0. Old kamera – 8 MP. Batareya 3000 mA/soat sig‘imga ega, model Android 7.0 operatsion tizimida ishlaydi. Quyida mana shu smartfonga yaqindan nazar solamiz.

 

Dizayn hamda foydalanishga qulaylik

P8 lite 2017 smartfoni qadog‘ida kabel, quvvatlash qurilmasi, naushniklar, SIM karta uchun to‘g‘nog‘ich, hujjatlar bilan taqdim qilingan.

2017 yilda yangilangan P8 lite jozibador ko‘rinishga ega bo‘ldi. Dizayniga ko‘ra gadjet Honor 6, Honor 8 kabi modellarni eslatib yuboradi.

Smartfonning old va orqa paneli qayrilma shakldagi himoya shishasi bilan qoplangan. Bu shishalarni metallga o‘xshash plastik rom birlashtirib turibdi. Korpusning qayrilma yonlari, bosh kameraning silliq dizaynda ishlangani, displey bo‘ylab elementlarning bir tekis simmetrik joylashtirilgani diqqatga sazovor.

Displey diagonali 5,2 dyuymli, romlar hajmi ham o‘rtacha bo‘lgani bois, smartfon ko‘rinishidan ixcham — uni bir qo‘lda boshqarish mumkin.

Bu telefon apparati 3 rangli korpusda ishlab chiqariladi: qora, oq, tilla ranglarda ishlab chiqarilmoqda.

Boshqaruv elementlarining joylashuvi standart: microUSB porti, bosh dinamik hamda mikrofon korpus quyisida, klavishlar yon tomonda, «gibrid» SIM-karta bo‘lmachasi korpusning chap yonida, mini-jack tuynugi esa tom qismida joylashtirilgan. Klavishlarning joylashuvi qulay, ekrandagi virtual tugmalarni mustaqil sozlash ham mumkin. Displey yon tomonida o‘tkazib yuborilgan voqea-hodisalar uchun kichik indikator mavjud.

Barmoq izlari skaneri orqa panelda joylashtirilgan. Ko‘rsatkich barmoq ichki his bilan o‘z-o‘zidan shu skanerga yo‘naladi. Huawei ishlab chiqargan boshqa smartfonlar kabi, bu datchikning faoliyati xususida faqatgina yaxshi fikr aytish mumkin — aksariyat holda tezkor va aniq ishlaydi.

Bu skaner yordamida smartfonni boshqarish ham mumkin: blokirovkadan chiqarish, blokirovkaga solish, ogohlantirish va voqea-odisalar panelini tozalash, fotosuratlarni o‘tkazish, suratga olish, qo‘ng‘iroqlarga javob berish hamda budilnikni to‘xtatish. Umuman olganda, bu juda qulay. Ortiqcha funksiyalarni sozlamalar orqali o‘chirib qo‘yish ham mumkin.

Korpus pishiq-puxta, detallarning yig‘ilishi mustahkam, g‘ichirlash yoki bo‘shashish kuzatilmaydi. Biroq, korpusning sirpanchiq ekanini unutmaslik lozim: ozgina nishablikdan ham sirpanib tushib ketib, darz ketishi mumkin.

 

Ekran

P8 lite 2017'da o‘rnatilgan 5,2 dyuymli IPS displeyning piksellar sig‘imi 1920 ga 1080 belgiga teng. Bu ekran 2,5D effektiga ega himoya shishasi bilan qoplangan. Afsuski, bu shishada oleofob, ya’ni dog‘-dug‘ga qarshi himoya qoplama yotqizilmagan. Barmoqlar orasida korpus tez kir yig‘adi.

Shu bilan birga, ekranda surat sifatli aks etadi. Matritsadagi yorug‘likni boshqarish diapazoni 7 dan 575 kd/m² gacha. Ekranning yorug‘likni avtomatik boshqarish tizimi ko‘ngildagidek ishlaydi.

Ekranning tasvirni aniq-tiniq uzatish qobiliyati ideal darajada bo‘lmasa ham, foydalanuvchini xafa qilib qo‘ymaydi. Ekrandagi rang-tasvir harorati ham o‘rtacha. Bir qaraganda oddiy foydalanuvchi bularni farqlamaydi va ekran yaxshi taassurot qoldiradi. Displey sokin va tabiiy rang uzatadi. Sozlamalarda rangli haroratni sozlash yoki ko‘k tusni kamaytiruvchi «ko‘zni himoyalash» rejimini yoqish mumkin.

 

Apparat platforma va kuch-quvvat

Smartfon brendning o‘zi ishlab chiqargan HiSilicon Kirin 655 protsessorida ishlaydi. Bu chipda 8 ta Cortex-A53 yadrosi va Mali-830MP2 video-kartasi faoliyat ko‘rsatadi. Platforma ma’lumotlarni 16 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydi. Shu bilan birga, platformada foydalanuvchi qadamini hisoblaydigan, musiqa va audioni qayta ishlaydigan yordamchi protsessor ham mavjud. Smartfondagi tezkor xotira 3 (RAM) va doimiy xotira 16 GB (ROM, 9,54 GB foydalanuvchi uchun), ikkinchi NanoSIM o‘rniga qo‘shimcha xotira o‘rnatish mumkin.

Bu protsessor GT3 (Kirin 650 chastota tezligi pastroq) hamda GR5 2017'dagi chiplardan yaxshi tanish. Bu chip o‘yin hamda ilovalardan foydalanish uchun qulay. Apparat platformasi Android 7.0 tizimi bilan birga tezda foydalanuvchiga maqbul keladi. 

O‘qingHuawei GR5: tan olingan brendning o‘rta narxli “imzosi”

Akkumulyatorning ishlash vaqti — o‘rtacha. 3000 mA soat elektr toki yordamida smartfon o‘rtacha 2 kun faoliyat ko‘rsatadi. Har kuni smartfondan 5-7 soat faol foydalanish mumkin.

 

Kamera imkoniyatlari

Huawei P8 lite 2017 bosh kamerasi 12 MP sig‘imli sensor bazasida yaratilgan. Uning tarkibida 5 ta linza mavjud. Bu linzalardagi yorug‘lik taqsimotiga mas’ul moslama f/2.2 standartli. Sensordagi piksel hajmi 1,25 mkm bo‘lib, avtofokus tezkor ishlaydi. 

Smartfon olgan fotosuratlar sifati yomon emas. Yorug‘lik past sharoitda ham ichkarida yaxshi surat olish mumkin. 

Old kamera moduli esa 8 Mp (f/2.0, piksel hajmi -- 1,4 mkm) bo‘lib, uning ishlashi ham yomon emas, detallarga boy surat oladi.

Umuman olganda, bu smartfon kameralari nisbatan qimmatroq GR5 2017'dan yaxshiroq suratga olishi bilan diqqatni tortadi. Quyidagi suratlar misolida bunga o‘zingiz baho bering.

 

Xulosa

Huawei P8 lite 2017 ko‘rinishdan yoqimli smartfon bo‘lishi barobarida, ichki imkoniyatlari ham o‘rtacha. Uning jozibador dizayni va jihatlari, dasturiy ta’minoti o‘zaro uyg‘un. Shu kunlarda Huawei P8 Lite 2017 Dual Sim "Malika"da 1,806,000 so‘mdan sotilmoqda. Bu pulga 64 GB xotirali Mi Note Pro, Mi 4s kabi raqiblarni xarid qilsa ham bo‘ladi. Biroq, kamera va samaradorlikda Huawei P8 lite 2017 injiq foydalanuvchi uchun ham ayni muddao. Yog‘-dog‘ga qarshi plenka yo‘qligiga ko‘z yumsak bo‘ldi, hammasi joyiga tushadi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

asaxiy.uz 1.8 млн сўм Sotib olish
olx.uz 1.6 млн сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!