Panasonic’ning 1500 dollarlik smartfoni va plansheti siri nimada? (+2ta video)

  •   DiMaX
  •  1446
  •  26.07.2018 18:41

Panasonic’ning 1500 dollarlik smartfoni va plansheti siri nimada? (+2ta video)

An’anaviy smartfonlar bozorida munosib o‘rin ola bilmagach, Panasonic kompaniyasi raqamli kameralar hamda himoyalangan smartfon va planshetlar ishlab chiqarishga zo‘r bermoqda. Jumladan, uning so‘nggi taqdim etgan ikkita devaysi alohida e’tiborga loyiq.

O‘QING: Panasonic himoyalangan yangi gibrid planshetini taqdim etdi

Mustahkam himoyalangan bu qurilmalar – Toughbook T1 rusumli smartfon hamda Toughbook L1 plansheti bo‘lib, Panasonic ularning har biriga naq 1499 dollar miqdorida narx belgilagan. Aytib o‘tish kerakki, bunisi hali holva: kompaniyaning FZ-A2 turkumidagi eng qimmat plansheti 2000 dollar turadi!

Bozorga Toughbook T1 nomi bilan chiqarilayotgan FZ-T1 modeliga mansub smartfon ekrani diagonaliga 5 dyuymga teng. O‘z toifasidagi – himoyalangan telefonlar orasida u yengil va yupqa bo‘lsa-da, baribir oddiy 6 dyuymlik smartfonlardan zalvorli va qalinroq. Toughbook T1 korpusining qalinligi 13,1 millimetrga, vazni esa 230 grammga teng.

Mana, uning xususiyatlarini quyidagi videoda ko‘ramiz:

Gap shundaki, yangi taqdim etilgan har ikkala devays ham zarbaga chidamli, 1,5 metrlik balandlikdan tushib ketsa ham ularga hech nima qilmaydi. Bu gadjetlar MIL-STD-810G harbiy standartiga ko‘ra mustahkam himoyaga ega bo‘lib, o‘ta yuqori va past haroratga, bosimga, shuningdek, quyosh nurlari, yomg‘ir, qum va chang ta’sirlariga bardoshli.

O‘QING: To‘liq ekranli, stilusi bilan, yana suv o‘tkazmaydi: qaysi smartfonlarga shunday ta’rif berishmoqda?

FZ- L1 modelidagi, bozorga Toughbook L1 nomi bilan taqdim etilayotgan planshet ekrani esa diagonaliga 7 dyuymga teng. Darvoqe, har ikkala yangi qurilmaning displeylari piksellar sig‘imi 1280x720 birlikni tashkil etadi (HD formatida).

Keling, Toughbook L1 plansheti bilan ham viderolik orqali yaqindan tanishamiz:

«Professional darajadagi» mazkur smartfon va planshet Android operatsion tizimining eng so‘nggi – 8.1 Oreo talqini boshqaruvi ostida ishlaydi. Ularning «elektron yuragi» – to‘rt yadroli Snapdragon protsessori. Shuningdek, qurilmalarning ikkalasi ham butun dunyo bo‘yicha barcha turdagi ma’lumot uzatish protokollariga mos keladi.

O‘QING: Zo‘r himoyalangan Galaxy Tab Active 2 plansheti chiqdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!