Parijda "rekordchi" Oppo Find X taqdim qilindi

Parijda

Fransiya poytaxti Parijda kutilgan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda Oppo kompaniyasi o‘zining Oppo Find X - "Find" turkumiga mansub ilk flagmanini taqdim qildi. Smartfon qiziqarli va o‘ziga xos texnik jihatlari bilan ajralib turadi.

6,4 dyuymli ekran yon tomonlarga qayrilgan shaklda. AMOLED matritsali displeyning piksellar sig‘imi Full HD+. Ekran bilan bog‘liq ahamiyatli jihatlardan biri -- old panelning deyarli 93% foizi displeydan iborat. Aytish kerakki, jahondagi hali biror devays ekran masalasida bunday natijani ko‘rsata olmagan. Romlar esa har tomondan imkon qadar yupqalashgan va u qadar ham ko‘zga tashlanmaydi.

Ushbu natijaga erishish uchun kompaniya muhandislari old hamda bosh kamerani korpusning yuqori qismiga o‘rnatilgan va harakatlanadigan maxsus modulga joylashtirganlar. Ya’ni, devaysning tom qismi slayderli mexanizm asosida ishlaydi. Foydalanuvchi kamera ilovasini ishga tushirishi bilan tom qismidagi bu blok avtomatik tarzda (bor-yo‘g‘i 0,5 sekun ichida) ishga tushadi.

Oppo Find X dinamigi ham tomdagi harakatlanuvchi blokka joylashtirilgan. Uning ko‘rinishi odatiy. Harakatlanuvchi modul bekinib turganida smartfon old va orqa paneli silliq va jozibador ko‘rinadi.

Bundan tashqari, yangi smartfon barmoq izi skaneridan ham mahrum bo‘lgan. Buning uchun esa bir nechta datchiklar jamlanmasidan iborat va 3D-skanerlash texnologiyasida ishlaydigan funksiya tatbiq qilingan. Mi 8 flagmanidan so‘ng, Oppo Find X qiyofani to‘liq skanerlash tizimiga ega bo‘lgan ikkinchi Android smartfon bo‘ldi.

Shishador korpusli smartfonni ishga tushirish uchun displeyda barmoqni yurgizsa bo‘ldi. U tezkorlik bilan blokirovkadan chiqadi.

Oppo Find X ayni paytda eng ilg‘or android protsessor bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 845 chipiga ega bo‘lgan. Unga 8 gigabaytgacha tezkor hamda 256 gigabaytgacha doimiy xotira o‘rnatilgan.

Bosh kamerada 16 Mp va 20 Mp aniqligidagi sensorlar o‘rnatilgan. Old kamera uchun esa 25 megapikselli datchik tanlangan. Kameralar olgan surat "sun’iy intellekt" texnologiyasi yordamida tizimda qayta ishlanadi.

Oppo Find X flagmaniga o‘rnatilgan 3730 mA soat sig‘imli akkumulyatorni USB Type-C orqali tezkor quvvatlash mumkin.

O‘qing: Mi Max 3: "gigant kinofon" hayratga soladi

Devays qadoqdayoq Android 8.1 Oreo operatsion tizimining Color OS talqini boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

Xitoyda Oppo Find X bugun sotuvga chiqarildi. Flagman bahosi 700 AQSh dollari etib belgilangan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!