Payme nazorat paketini 5,5 million dollarga Gruziyaning TBC Bank’i xarid qildi

  •   DiMaX
  •  850
  •  11.04.2019 10:17

Payme nazorat paketini 5,5 million dollarga Gruziyaning TBC Bank’i xarid qildi

Gruziyaning TBC Bank Group PLC kompaniyasi (TBC Bank) yurtimizda Payme brendi ostida faoliyat yuritayotgan «Inspired» MChJning 51 foiz nazorat paketini xarid qiladi. Bu to‘g‘rida kompaniya xabariga tayanib «Spot» nashri yozmoqda.

O‘QING: Endi davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni Payme orqali amalga oshirsa bo‘ladi

Xabarga ko‘ra, Payme O‘zbekistondagi to‘lov xizmatlarining yetakchi taqdim etuvchisi bo‘lib, uning ilovasi mijozlari 1,3 million kishini tashkil etadi.

Keyingi yillarda Payme tez o‘sdi – 2018 yil mobaynida mijozlar soni taxminan 70 foizga oshdi. Natijada kompaniya daromadi va sof foydasi tegishlicha 41,9 va 24,5 foizga o‘sgan. O‘tgan yilning yakuniga kelib Payme’ning umumiy aktivlari 0,7 million AQSh dollariga yetgan.

Payme brendiga 2011 yili asos solingan va uchta muassis tomonidan boshqarilib kelmoqda. Jamoa ikkita yangi aksioner bilan kuchaytirilgan: ulardan biri biznesni kuchaytirish va tadqiqotlar bo‘yicha ijrochi direktor, ikkinchisi esa – bosh texnik direktor vazifasini bajargan.

TBC Bank’ka o‘z aksiyalarining bir qismini sotgan aksionerlar esa kompaniya menejerlaridan bo‘lgan besh kishidir. «Menejerlar jamoasi uzoq muddatli asosda Payme bilan qolishadi hamda strategiyaning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida faol ishtirok etishadi», – deyiladi xabarda.

TBC Bank’dan xabar berishlaricha, mazkur xarid hududiy operatsiyalarni kengaytirish bo‘yicha xalqaro strategiyaga muvofiq kelib, bank potensialini o‘ta istiqbolli bo‘lgan O‘zbekiston bozorida kuchaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Gruziya bankining O‘zbekistondagi strategiyasi chakana mijozlar hamda kichik va o‘rta biznes vakillari uchun yangi avlod bank ekotizimini yaratishga qaratilgan. Bunda asosiy e’tibor raqamli kanallarga, jumladan, butkul raqamli Space bankiga qaratiladi.

O‘QING: «BankExpo-2019»: ilg‘or IT-yechimlar, raqamli banking va xalqaro hamkorlik

Darvoqe, aksiyalarning 51 foizi 5,5 million AQSh dollariga xarid qilinganiga ko‘ra, Payme kompaniyasi jami 10,8 million dollarga baholangan. TBC Bank ushbu xarid to‘lovini aprelning oxirigacha to‘laydi. Shuningdek, bank kelgusida Payme aksiyalarining qolgan 49 foizini ham sotib olishi mumkinligi haqida bitim tuzilgan.

«Payme xaridi – bizning O‘zbekistonda rejalashtirayotgan ekspansiyamizda yana bir muhim qadamdir. U bizga mamlakatdagi katta mijozlar bazasi bilan tezkor bog‘lana olish hamda o‘zimizning asosiy raqamli imkoniyatlarimizdan foydalanish imkonini beradi. Payme bilan birgalikda biz bundan keyin ham to‘lov biznesini taraqqiy ettirish, shuningdek yangi ekotizimlarni rivojlantirishda uni platforma tarzida qo‘llash niyatidamiz», deydi TBC Bank bosh direktori Vaxtang Butsxrikidze.

«Aminmanki, birgalikda biz kompaniyani yangi bosqichga ko‘taramiz hamda juda qisqa muddatlarda o‘z mijozlarimizga yangi ilg‘or yechimlar va xizmatlar taklif etamiz», – deydi Payme boshqaruvchisi Sarvar Ro‘zmatov.

TBC Bank o‘z mamlakatida yetakchi bank bo‘lib, 1992 yili tashkil etilgan. 2014 yili u london fond birjasiga kirishga erishgan. Uning onlayn banking tizimi Markaziy va Sharqiy Yevropada eng yaxshilaridan biri sifatida ketma-ket bir necha yil mobaynida sovrinlar olgan. 2018 yili esa u butunlay raqamli bo‘lgan Space bankini taqdim etgan.

Mazkur kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishga harakat qilayotgani joriy yilning yanvar oyi boshida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda TBC Bank bu bozorga o‘zining butkul raqamli Space bankini olib kirmoqchi ekanini aytgan.

O‘QING: «Uzcard» va «Mir» kobeyjing kartalari: plastik kartalarimiz endi Rossiya banklarida ham o‘tadigan bo‘ladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!