Plastik kartochka o‘lchamidagi yupqa telefon: narxidan tashqari har jihatdan o‘ta sodda!

  •   DiMaX
  •  1898
  •  18.10.2018 17:35

Plastik kartochka o‘lchamidagi yupqa telefon: narxidan tashqari har jihatdan o‘ta sodda!

Kyocera kompaniyasi va Yaponiyaning NTT Docomo operatori «kardfon» turidagi yangi telefonni namoyish etdi. Bu devays bank plastik kartochkasi kattaligida bo‘lib, uning yonida hamyonga sig‘adigan darajada yupqa.

O‘QING: Palm smartfoni taqdim etildi: o‘zi mittigina, lekin baquvvat, yana narxiyam...

Kyocera KY-O1L deb nomlanuvchi bu gadjet nafaqat dizayni, balki texnik xususiyatlariga ko‘ra ham minimalistik uslubda ishlangan. Uning kamerasi yo‘q, diagonaliga 2,8 dyuymlik ekrani ham rangli emas, balki elektron qog‘ozdan ishlangan monoxrom displeydir. Akkumulyatorining tok sig‘imi 380 mA/soatni tashkil etadi. Ammo to‘rtinchi avlod – LTE uyali aloqa tarmog‘ida ishlay oladi.

Yaponlarning mazkur smartfoni 91x55x5,3 millimetrlik o‘lchamga va 47 grammlik vaznga ega. Kompaniya ushbu modelini dunyodagi eng yupqa telefon, deya ilgari surayotir, ammo aslida unday emas. 2016 yili taqdim etilgan Moto Z smartfoni yanada yupqa – uning qalinligi 5,2 millimetrga teng.

O‘QING: Motorola o‘ta yupqa hamda innovatsion smartfonni namoyish qildi

Kyocera KY-O1L «yupqafon»i shu kompaniya tomonidan Android asosida ishlab chiqilgan operatsion tizimga ega. Ammo unda ilovalar do‘koni yo‘q, foydalanuvchi biror yangi ilova o‘rnata olmaydi ham. O‘ziga o‘rnatilgan dasturlar orasida brauzer ham mavjud bo‘lib, ekran xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, saytlarni faqat kul rang gammada ko‘rsata oladi.

Shunchalik sodda va ixchamligiga qaramay, narx borasida Kyocera KY-O1L unchalik ham «kamtar» emas. Yaponiyada u joriy yilning noyabr oyida 285 dollarlik narx bilan savdoga chiqariladi. Bu narxga esa, masalan, bizning Terashop.uz internet-do‘konimizdan har xil turdagi to‘laqonli smartfonlarni olsa bo‘ladi.

O‘QING: Terashop.uz’dan 999 000 so‘mgacha narxga qanday smartfonlar olish mumkin?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.