Poytaxtimizda «Oqlon» texnoparki ochildi

  •   DiMaX
  •  1133
  •  02.04.2019 09:37

Poytaxtimizda «Oqlon» texnoparki ochildi

Texnopark hududida umumiy qiymati 110 milliard so‘mlik uchta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada 1000 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishiladi, deb yozadi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

O‘QING: Sergelida zamonaviy industrial texnopark ishga tushiriladi

Shayxontohur tumanida bo‘sh turgan yer uchastkasining umumiy maydoni 1,8 gektar bo‘lgan qismi «O‘zsanoatqurilishbank»ning investitsiya kompaniyasi – «PSBCapital»ga ko‘p tarmoqli «Oqlon» texnologiya parkini tashkil etish uchun ajratib berildi. Xususan, «Colmet engravo» mas’uliyati cheklangan jamiyati rangli metallardan turli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Umumiy qiymati 30 milliard so‘mni tashkil etadigan loyihani amalga oshirilishi natijasida yiliga 20 milliard so‘mlik yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, 190 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Texnopark hududida amalga oshiriladigan yana bir loyiha – sanitar-gigiyenik mahsulotlar ishlab chiqarish hisoblanadi. «Lider kosmetik» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan ushbu loyihaga 35 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltiriladi. Natijada 260 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, «Overbridge» mas’uliyati cheklangan jamiyati qiymati 45 milliard so‘mlik koptok ishlab chiqarish loyihasi ham amalga oshiriladi. Korxona to‘la quvvatda ishga tushishi bilan yiliga 875,0 ming dona koptok ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 550 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu loyihalarni amalga oshirishda xorijiy investitsiyalar ham faol jalb qilinmoqda. Xususan, «Overbridge» korxonasining koptok ishlab chiqarish loyihasiga xitoylik investor 3 million dollar investitsiya kiritmoqda. «Lider kosmetik» korxonasi amalga oshirayotgan loyihaga Turkiya Eksimbanki (3,5 million dollar), «Colmet engravo» korxonasi loyihasiga esa Xitoy Davlat taraqqiyot banki (2,5 million dollar)ning xorijiy kredit liniyalari jalb etiladi.

Qayd etish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 10 avgust kuni poytaxtimiz tumanlaridagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish chog‘ida «Oqlon» texnologiya parkini barpo etish vazifasini qo‘ygan edi. Bugungi kunda ushbu topshiriq ijrosi ta’minlandi.

O‘QING: Kogon tumanida «Raqamli texnologiyalar markazi» ishga tushdi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!