Puma hali 1986 yiliyoq chiqargan «aqlli» krossovkasini yangilangan talqinda taqdim etdi!

  •   DiMaX
  •  920
  •  12.12.2018 17:23

Puma hali 1986 yiliyoq chiqargan «aqlli» krossovkasini yangilangan talqinda taqdim etdi!

Asosan sport kiyimlari va anjomlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Puma kompaniyasi hali 1986 yildayoq RS-Computer Shoe rusumli «aqlli» krossovka chiqargan edi. Endi u mazkur oyoq kiyimining yangilangan modelini taqdim etdi.

O‘QING: Puma bog‘ichi o‘z-o‘zidan bog‘lanadigan krossovkalar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Yangi versiya o‘sha oldingi krossovkaning original dizaynini saqlab qolgan, shu bilan birga yangicha – zamonaviy texnologik imkoniyatlarga ega bo‘lgan. Masalan, 1986 yilgi RS-Computer Shoe yurilgan masofa haqida ma’lumot to‘plab borar, uni maxsus konnektor yordamida Commodore 64 yoki Apple IIE kompyuterlariga ulab, ma’lumotlari o‘tkazilar edi. Yig‘ilgan axborot kompyuter xotirasiga ko‘chirilganidan keyingina «aqlli» krossovka egasida u bilan tanishish imkoni bo‘lar edi.

Yangilangan RS-Computer Shoe esa zamonaviy Bluetooth moduliga ega – to‘plangan ma’lumotlar u orqali iOS yoki Android-smartfonga uzatiladi. Olingan axborot esa maxsus ilova tomonidan qayta ishlanadi; bu dastur ham o‘sha original dizaynini saqlab qolgan.

Krossovkaning har bir poyi ichiga maxsus akselerometrlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular foydalanuvchi qadamlarini sanaydi va u sarflagan kaloriyani hisoblaydi. Shuningdek, kun davomida bosib o‘tilgan masofani ham aniqlab beradi.

RS-Computer Shoe xotirasi so‘nggi 30 kungi ma’lumotlarni saqlab qola oladi. Har bir oy boshida eski ma’lumotlar xotiradan o‘chirilib, yana yangidan boshlanadi.

O‘QING: Kun yangiligi: Xiaomi'dan yangi «aqlli» krossovka

«Aqlli» krossovkaning boshqaruv paneli yorug‘lik-diodli ikkita indikator bilan jihozlangan. Ulardan biri kerakli masofa bosib o‘tilganligi haqida xabar beradi, ikkinchisi esa krossovkadagi litiy-polimerli akkumulyatorning quvvati qancha ekanini ko‘rsatib turadi.

Aytish kerakki, RS-Computer Shoe krossovkalari kompaniyaning rasmiy sayti orqali faqatgina AQSh va Yaponiya hududida sotiladi. Tokio, Berlin va London aholisi esa uni ishlab chiqaruvchining firma do‘konlaridan olishlari mumkin. Yangilangan «aqlli» krossovkadan atigi 86 juft chiqarilgan bo‘lib, hozircha narxi ma’lum qilinmagan.

O‘QING: Xiaomi basketbolchilar uchun ajoyib krossovka yaratdi, narxi 45 dollar

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.