Qarshi oling: Firefox Rocket – «reaktiv» Android-brauzer!

  •   DiMaX
  •  1151
  •  14.07.2018 14:07

Qarshi oling: Firefox Rocket – «reaktiv» Android-brauzer!

Keyingi paytlarda nisbatan kuchsiz smartfonlar hamda internet yaxshi bo‘lmagan hududlardagi foydalanuvchilar uchun ilovalarning «yengil» talqinlarini ishlab chiqish urfga kirayotir. Mozilla kompaniyasi taqdim etgan Firefox Rocket mobil brauzeri ham tizim resurslarini kam sarflashi hamda tezkor ishlashi bilan ajralib turadi.

O‘QING: Keepsafe Browser – anonimlikni ta’minlovchi yangi bepul mobil brauzer

Firefox Rocket, birinchi navbatda, smartfonining xotirasida joy kam bo‘lgan foydalanuvchilarga juda ma’qul keladi. Brauzerning o‘rnatiluvchi fayli atigi 2,5 megabaytga teng va u xotirada juda oz joy oladi.

Uning ikkinchi afzalligi – tezkorligidir: kompaniya brauzerning kodini juda yaxshi ishlab chiqqan. Buning natijasida Firefox Rocket, o‘z nomiga yarasha (Rocket – «raketa» degani) tezkorlikka ega bo‘lgan. Bu borada u oddiy Firefox, keng ommalashgan Chrome va hatto Opera’dan ham ilgarilab ketgan.

«Raketa» brauzerning ko‘pchilikka ma’qul keluvchi uchinchi jihati – saytlardagi reklamalar hamda hisoblagichlarni bloklashidir. Firefox Rocket tezkorligida ham buning hissasi bor. Shuningdek, mazkur funksiya trafikni ham sezilarli darajada tejaydi – internet arzon bo‘lmagan hududlar aholisi uchun bu juda muhim.

O‘QING: Keepsafe Browser – anonimlikni ta’minlovchi yangi bepul mobil brauzer

To‘rtinchidan, Firefox Rocket a’lo darajadagi funksionallikka ega. Bilamizki, ayrim hollarda dasturchilar biror ilovaning tezkorligi va ixchamligini ta’minlash uchun uning ayrim funksiyalarini «qirqib» tashlashadi. Ammo Mozilla’ning yangi brauzerida bu borada «oltin o‘rtalik»ka erishilgan.

Bulardan tashqari, «reaktiv» brauzer ko‘p varaqali interfeysi, veb-sahifalardan skrinshotlar ola bilishi va hatto PWA texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi bilan ham maqtansa arziydi. Aytib o‘tish kerakki, PWA – ayrim saytlarni to‘laqonli ilova sifatida ishlatish texnologiyasi bo‘lib, Firefox Rocket ham shunday funksiyaga ega.

Google Play ilovalar katalogida Firefox Rocket ayni damda rasman faqat Indoneziyadagi foydalanuvchilar uchun taqdim etilgan. Lekin, agarda siz ham ushbu «yengil», tejamkor va o‘ta tezkor brauzerdan foydalanishni istasangiz, uni mana bu havola orqali APKMirror saytidan ko‘chirib olib, mustaqil tarzda o‘rnatishingiz mumkin.

O‘QING: Google Play Market ishlamay qolsa…

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!