Qoyilmaqom Xiaomi Mi 7’ni «jonli» video va sifatli suratlarda har tomonlama tomosha qilamiz!
Xiaomi korporatsiyasi 31 may kuni bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida o‘zining ikkita flagman smartfoni – sanoq bo‘yicha Mi 7 hamda kompaniyaning sakkiz yilligiga bag‘ishlangan Mi 8 modellarini taqdim etmoqchi. Xitoylik manbalar bulardan birinchisining suratlarini internetga chiqarib yuborishdi.
Smartfonni har tomonlama namoyon etuvchi ushbu suratlarni smartfonlar uchun g‘iloflar ishlab chiqaruvchi bir kompaniya taqdim etgan. Bir so‘z bilan aytganda, Xiaomi Mi 7 smartfoni qoyilmaqom dizaynga ega.
«Xitoycha Apple» o‘zining bu flagmani korpusining orqa panelini shishadan ishlagan. Shunga ko‘ra, mazkur model ham, xuddi Mi 8 flagmani singari, Qi simsiz quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘lsa kerak.
Kutilganidek, Mi 7 ekranining yuqori qismida «kemtik» mavjud, pastida esa yirik rom ko‘zga tashlanadi.
Smartfon tashqi ko‘rinishi kupertinoliklarning yubiley ayfoniga o‘xshatib ishlangan – korpusning orqa qopqog‘idagi qo‘shaloq kamera modullari tikka joylashgan. Faqat «xitoycha ayfon»ning orqa panelida barmoq izi skaneri ham mavjud.
Xiaomi Mi 7 korpusining pastki qirrasida zamonaviy USB Type-C porti ko‘zga tashlanadi. Bundan tashqari, ushbu model quloqchinlar uchun an’anaviy 3,5 millimetrlik audiotirqishdan ham mahrum etilmagan.
Mana, Xiaomi Mi 7 smartfonining «jonli» videosini birga ko‘ramiz:
Hozirgacha chiqqan ma’lumotlarga qaraganda, Mi 7 modeli Xiaomi’ning sakkiz yilligiga atalgan flagmanning soddalashtirilgan talqini bo‘ladi. Eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan Mi 8 smartfonining «jonli» video va suratlarini ham tez orada e’lon qilamiz, bizdan uzoqlashmang.
O‘QING: Xiaomi Mi 8’ning narxlari allaqachon do‘konlarga chiqdi («jonli» suratlar)