Quloqchin va quvvatlovchisiz topilgan milliardlar

Quloqchin va quvvatlovchisiz topilgan milliardlar

2020-yilga qaytadigan bo‘lsak, Apple ko‘pchilikni hayratlantiradigan qarorini e’lon qilgan edi. Kompaniya o‘zining iPhone 12 smartfonlarini qutisida EarPods va quvvatlovchi adapterisiz taqdim qildi va qolgan smartfonlari ham shunday chiqarilishi ma’lum bo‘ldi. Kupertinolik kompaniya bunga atrof-muhitga qayg‘urishi, mahsulotlari ekologik toza bo‘lishi kabi "yashil" sabablarni keltirgan edi. Daily Mail nashrining xabar berishicha, Apple bu qarori ortidan shu kungacha jami $6.5 milliard "yashil" foyda qilgan.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, Apple qutisidan naushnik va zaryadlovchini olib tashlangan har bir smartfondan 35 dollar foyda ko‘rgan va tahmin qilinishicha ana shunday iPhone smartfonlari shu kungacha 190 millionta atrofida sotilgan. Ikki narsaning olib tashlanishi kompaniyaga smartfonlarni kichik va yengil qutilarga qadoqlash imkonini bergan va bu bilan bir vaqtning o‘zida iPhone'larni yetkazib berish 70 foizga ortgan, xarajatlar esa 40 foizga kamaygan.

Garchi qutilardan ikki narsa olib tashlangan bo‘lsada, Apple smartfonlari narxini tushirmagan. Shu bilan birga, foydalanuvchilar yangi 20W tezkor quvvatlash adapterlari va EarPods quloqchinlarini 19 dollardan sotib olishlariga to‘g‘ri kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, qutida ikki mahsulotni qo‘shishni to‘xtatgandan keyin kompaniya shu kungacha aksessuarlar sotuvidan $293 milliondan ortiq foyda ko‘rgan.

O‘tgan kuni Apple vakili 2030-yilgacha kompaniyaning barcha mahsulotlari sof nol uglerod ta’siriga ega bo‘lishini aytgan edi.

"Bizning yo‘limizdagi qadamlardan biri mahsulotimiz va qadoqlashimizda ishlatiladigan materiallarni kamaytirishdir. Bu muhim qadam 2 million metrik tonnadan ortiq uglerod chiqindilarini qisqartirdi - bu yiliga 500 000 avtomobilni yo‘ldan olib tashlashga teng."

O‘QING: iPhone SE (2022) taqdim etildi: A15 Bionic chipli iPhone 8