Razer Phone: geymerlar smartfonining barcha xususiyatlari taqdimotdan bir kun avval fosh bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  1299
  •  31.10.2017 12:08

Razer Phone: geymerlar smartfonining barcha xususiyatlari taqdimotdan bir kun avval fosh bo‘ldi

Razer kompaniyasi tayyorlayotgan sirli smartfonning xususiyatlari uning taqdimotiga bir kungina vaqt qolganida internetga chiqib ketdi. Bu haqda Android Police nashri ma’lumot tarqatgan.

Virtual o‘yinlar ishqibozlariga yaxshi tanish bo‘lgan Razer kompaniyasi endi smartfon ham tayyorlayotgani haqidagi ilk xabarlar yaqindagina paydo bo‘lgan edi. Mazkur kompaniya 1 noyabrga «katta taqdimot» belgilagani haqida ham yozganmiz.

Endi esa, Buyuk Britaniyadagi uyali aloqa operatorlaridan biri tasodifan Razer Phone deb ataluvchi ushbu devays xususiyatlarini oshkor etib qo‘ydi.

Razer Phone smartfonining asosiy xususiyatlari:

  • Displey: 5,72 dyuymli, 2560x1440 pikselli;
  • Protsessor: Snapdragon 835;
  • Xotira: 8 GB tezkor va 64 GB ichki;
  • Kamera: asosiysi – 4K videotasvir oluvchi, f/1.75 aperturali, 12 megapikselli; old kamera – f/2.6 aperturali, 13 megapikselli;
  • Akkumulyator: Qualcomm Quick Charge 4.0+ texnologiyasiga ega, 4000 mA/soat sig‘imli;
  • Operatsion tizim: Android 7.1.1 Nougat.

Shuningdek, mazkur gadjet Dolby ATMOS texnologiyali, THX-sertifikatiga ega qo‘shaloq old dinamiklari bilan ham ajralib turadi. «4G Super-Voice» deb ataluvchi qandaydir yangicha xususiyat ham ko‘rsatilgan, aftidan, u «o‘lik» 4G hududlari paydo bo‘lishining oldini oladigan allaqanday texnologiya bo‘lsa kerak. Rasmga ko‘ra, smartfon «sof» Android tizimida ishlaydi.

GFXBench benchmarkining ma’lumotlar bazasida ko‘ringan Razer Phone’ning ayrim xususiyatlari haqida mana bu maqolamizda yozganmiz va mazkur «geymfon»ning kamerasida olingan suratlarni ham chop etganmiz.

Ertaga – 1 noyabrda namoyish etiladigan bu smartfonning narxi hozircha ma’lum emas.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!