Redmi 5 Plus va Redmi Note 5 – Xiaomi’ning ilk hamyonbop «qo‘shko‘z romsiz»lari

  •   DiMaX
  •  3685
  •  11.10.2017 15:35

Redmi 5 Plus va Redmi Note 5 – Xiaomi’ning ilk hamyonbop «qo‘shko‘z romsiz»lari

Internetda Xiaomi kompaniyasining hali taqdim etilmagan Redmi Note 5 hamda Redmi 5 Plus modellarining haqiqiy suratlari tarqaldi. Shuningdek, ularning ayrim xususiyatlari ham ma’lum bo‘ldi, deb yozadi GizmoChina.

Bu ikkala smartfonga ham yupqa romga ega, tomonlarining o‘zaro nisbati esa 18:9 bo‘lgan displey o‘rnatiladi. Romsiz ekranlaridan tashqari, bu qurilmalar yana qo‘shaloq modulli kameralari bilan ham e’tiborga loyiq. Ayni shu ikki xususiyat Xiaomi’ning faqat nisbatan qimmatbaho smartfonlaridagina uchrar edi. Endi esa, Redmi turkumining beshinchi avlodida o‘zgarishlar katta bo‘ladigan ko‘rinadi.

Aytish kerakki, Redmi Note 5 va uning xossalari haqidagi ilk ma’lumotlar shu yilning iyul oyi boshida chiqqan edi. Keyinroq esa uning taqdimotga tayyor ekani aytilib, smartfonning va qutilarining suratlari ham tarqatilgan. So‘ngra uning boshqa renderlari paydo bo‘lgani, shuningdek, Xiaomi xodimi tasodifan bu yangi smartfonni «sotib qo‘ygani» xususida ham xabar berganmiz.

Uning ko‘rinishi quyidagicha bo‘lishi taxmin qilinayotir:

Shunisi ham borki, Xiaomi Redmi Note 5 va Redmi 5 Plus modellari tashqi jihatidan o‘zaro o‘xshash bo‘ladi. Xabar qilinishicha, Redmi 5 Plus diagonali 5,7 dyuymli, 1440x720 pikselli displey bilan jihozlanadi.

Mana, Redmi 5 Plus taxminan shunaqa qiyofaga ega:

Redmi 5 Plus, shuningdek, sakkiz yadroli Snapdragon 450 chipi, qo‘sh ob’yektivli 13 megapikselli kamera bilan ham o‘ziga xosdir. U Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi esa Xiaomi’ning yana bir yutug‘idir. Uning ayrim xususiyatlari quyida ko‘rsatilgan:

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, oddiy Redmi 5 smartfoniga, doimiy xotirasining hajmiga qarab, 105 yoki 135 AQSh dollari miqdorida narx belgilansa, Redmi 5 Plus modelining narxi 150 dollardan boshlanadi.

Bu yangi devayslarning qachon taqdim etilishi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!