Redmi 6A: Xiaomi'ning eng arzon yangi smartfoni

Redmi 6A: Xiaomi'ning eng arzon yangi smartfoni

Bugun Xitoyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida xitoylik tinib-tinchimas Xiaomi kompaniyasi o‘zining navbatdagi taqdimotini o‘tkazdi. Uning doirasida Redmi 6 hamda Redmi 6A modellari taqdim qilindi.

O‘qing: "Aqlli kamera"li Redmi 6 taqdim qilindi

Har ikkala smartfonning orqa paneli polikarbonat xomashyosidan tayyorlangan bo‘lsa ham, uning yuzasiga metalldan ishlov berilgan.

Xiaomi Redmi 6A modeli MediaTek A22 protsessoriga ega bo‘lgan. Mazkur chipset ham "akasi"dagi protsessor kabi, ma’lumotni FinFET texnologiyasi asosida 12 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydi.

Xiaomi Redmi 6A uchun 2 gigabaytli tezkor xotira o‘rnatilgan. Smartfonda doimiy ma’lumotlar uchun 16 gigabaytli ichki xotira mavjud.

Orqa panelda esa Redmi 6A modeli o‘zining 13 hamda 5 megapikselli sensorlardan tashkil topgan bosh kamerasi bilan maqtana oladi. Old kamera esa 5 megapiksel aniqligida surat oladi.

Yuqori talqinda bo‘lgani kabi, bu kamera ham Artificial Intelligence (AI), ya’ni "sun’iy aql" texnologiyasiga ega bo‘lgan. Bu esa unda yaxshi suratlar olish imkonini beradi. Smartfon "facial recognition" funksiyasi bilan ta’minlangan, ya’ni old kamera foydalanuvchi yuzini tekshiruvdan o‘tkazib, tizimni ochadi.

Shuningdek, bosh kameradagi "aqlli" tizim turli ob’yektlar to‘g‘risida ma’lumot ham beradi. Bunday texnologiya "aqlli tanish" deb nomlangan. Google Lens ham aynan shunday texnologiyalardan biri.

Xususan, bosh kamera AI Portrait rejimiga ega bo‘lgan. Endi unda orqa foni g‘ira-shira qilingan chiroyli suratlar olsa bo‘ladi.

Shu bilan birga, Redmi 6A modeli barmoq izi skaneridan mahrum bo‘lgan.

Smartfonda 3,000 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyator mavjud.

Xiaomi vakillarining ma’lum qilishlaricha, Redmi 6A modelidagi yangi MIUI operatsion tizimi avvalgi tizimga qaraganda xotirani 30% ga tejaydi, ya’ni ilovalarni tejamkorlik bilan tartiblaydi.

Xiaomi’ning telefonlaridagi yordamchi ham nihoyat yangi tillarni o‘rganibdi. Misol uchun, matnlarni Xiao Ai ingliz, fransuz, yapon, koreys, nemis, ispan hamda hind tillaridan xitoy tiliga tarjima qiladi. Xiao Ai yordamchisi, shuningdek soxta SMS xabarlarni, spamlarni ham taniydi, foydalanuvchini ulardan himoya qiladi. "Xiao Ai" nomli ovozli yordamchi endi o‘simliklarni, transport vositalari, atrof-muhitni anglaydi va narxlarni ham taqqoslay oladi.

Esingizda bo‘lsa, shu vaqtga qadar kompaniyaning eng so‘nggi hamyonbop modeli bo‘lgan Redmi 5A devaysi 77 dollardan sotuvga chiqarilgan edi. Redmi 6A modelining eng arzoni esa 93 AQSh dollaridan boshlab 15 iyun kuni sotuvga chiqariladi.

Yangi gadjetdagi o‘ziga xosliklarni hisobga olsak, narx borasidagi tafovut o‘zini oqlaydi. Misol uchun, besh dyuymli HD ekran bu gal diagonali 5,45 dyuymli hamda uning piksel sig‘imi HD+ bo‘lgan. Eski Snapdragon 425 chipidan voz kechilgan hamda nisbatan kuchli va yagona kristalli MediaTek Helio A22 chipseti tanlangan. Xiaomi ma’lumot berishicha, yangi chipda 4 ta Cortex-A53 yadrosi bor va uning chastota intervali 2 GGs.

Xiaomi Redmi 6A texnik jihatlari:

Ekran: 5.45 dyuymli, HD+ (1440 × 720 pikselli), 18:9 o‘lchamli, 2.5D shaklidagi himoya shishasi bilan qoplangan;
Protsessor: to‘rt yadroli MediaTek Helio A22, 12 nanometrli texnik jarayonda ishlaydi, chastota intervali 2 Ggs;
Xotira: 2 Gb tezkor hamda 16 Gb doimiy, microSD orqali 128 gigabaytgacha kattalashtirish mumkin;
Operatsion tizim: Android 8.1 (Oreo) ning o‘zlashtirilgan MIUI 9 talqini;
Sim-karta: qo‘sh
Bosh kamera: 13 + 5 MP bosh, LED fotochaqnoq;
Old kamera: 5 Mp;
Sensorlar: infra-qizil va boshqa sensorlar;
O‘lchamlari: 147.46×71.49×8.3 mm; Vazni: 145 gramm;
Aloqa imkoniyatlari: 4G VoLTE, Wi-Fi 802.11 b/g/n, Bluetooth 4.2, GPS + GLONASS;
Akkumulyator: 3000 mA soat.

O‘qing: Xiaomi Mi 8 savdoda rekord o‘rnatdi

Redmi 6A smartfon kul rang, ko‘k, tilla hamda och tilla rangli korpuslarda ishlab chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!