ROG Phone 7 va ROG Phone 7 Ultimate smartfonlari chiqarildi!

ROG Phone 7 va ROG Phone 7 Ultimate smartfonlari chiqarildi!

Garchi iPhone yoki Galaxy kabi butun dunyoga mashhur bo'lmasa ham, mobil o'yinlar ishqibozlari uni juda yaxshi tanishadi: ROG Phone geyming smartfonlarini texnik xususiyatlar borasida haqiqiy "monster" deyish mumkin va ular o'z ishining haqiqiy ustalari hisoblanishadi. Asus ularning yildan-yilga yangi, yanada kuchaytirilgan avlodlarini taqdim qilishda davom etadi – kompaniya kecha o'zining ROG Phone 7 seriyasini taqdim qildi.

Yangi smartfonlar qatori ikkita: ROG Phone 7 va ROG Phone Ultimate modellarini o'z ichiga oladi, lekin ular bir-birlaridan ko'p jihatlarda farq qilmaydi.

  Asus ROG Phone 7 Asus ROG Phone 7 Ultimate
Ekran

6.78 dyuym, Samsung AMOLED
FHD (2448×1080) rezolyutsiya
165 gerts yangilanish tezligi
1500 maksimal yorqinlik
Corning Gorilla Glass Victus

Orqa kamera

asosiysi: 1/1.56 dyuymli Sony IMX 766 sensori, 50 MP (f/1.9)
ultra-keng: 13 MP
makro: 5 MP

Videoga olishi

8K (7680×4320) formatida 24 kadr/sekund
4K (3840×2160), 1080p, 720p formatlarida 30/60 kadr/sekund

Old kamera 32 MP
Chipset Qualcomm Snapdragon 8 Gen 2 
Operatsion tizim Android 13
Batareya 6000 mA/soat
zaryadlanish tezligi: 65 Vt
42 daqiqada 100%
Audio old tomonga qaragan ikkilik 12×16 mm ovoz kuchaytirgichlari 
Mikrofonlar uchta, Asus shovqinni kamaytirish texnologiyasi bilan
3.5 millimetrli naushnik uyasi  bor
Sensorlari barmoq izini aniqlash (ekran ostida), yuzni aniqlash, ultrasonik AirTrigger'lar (ikkita), giroskop va boshqalar 
Aloqa va ulanish 5G (ikkita SIM-karta), Wi-Fi 7 uchun tayyor, Bluetooth 5.3, NFC
Sertifikatlari va boshqa xususiyatlari IP54, Hi-Res Audio (simli, simsiz), Dirac, Dirac Virtuo, Delta-E < 1 (ekran ranglari to'g'riligi), Eye Care Display

Mana shunday yuqori texnik xususiyatlar bilan birga smartfonlarga yangi funksiyalar ham qo'shilgan. Shulardan biri sun'iy intellekt orqali o'yin davomidagi g'alaba yoki mag'lubiyat kabi muhim lahzalarni aniqlash va ularni yozib olish bo'lib, bu funksiya "X Capture" deb nomlanadi va u Game Genie'ning bir qismidir. Afsuski, u hozircha faqat Arena of Valor o'yinida ishlaydi.

Asus ROG Phone 7 oq va qora ranglarda

Asus o'zining yangi flagmanlarini bir qancha yaxshilanishlar bilan chiqargan. Masalan, yangi smartfonlar Qualcomm'ning eng so'nggi Snapdragon 8 Gen 2 chipseti bilan o'tgan yilgi Snapdragon 8+ Gen 1 bilan jihozlangan ROG Phone 6 smartfonidan 15% tezroq ishlaydi va shuncha kam quvvat sarflaydi. GameCool 7 sovutish tizimi umumiy maydoni 16 000 mm² bo'lgan ikkita grafit plitalari bilan issiqlik samaradorligini 10% ga oshirish imkonini beradi. X o'q chiziqli dvigateli esa ekrandagi bosilishlar va boshqa harakatlar uchun haqiqiy haptik vibratsiyani qaytaradi. Qolaversa, smartfonlar ray tracing (nurlarni kuzatish) xususiyatini ham qo'llab-quvvatlaydi.

Asus ROG Phone 7 smartfoni AeroActive Cooler 7 bilan

Oddiy modeldan farqli o'laroq Ultimate model qutisida birga keladigan AeroActive Cooler 7 bilan termoelektrik sovutishni qo'llab-quvvatlaydi. Bunda smartfonning AeroActive portali kuler bilan ulanadi va bu uning haroratini 25 gradusgacha kamaytirishga yordam beradi. Shu bilan birga, AeroActive 7 kuleri 13×38 mm sabvuferga ega va u tovushdagi bassni 77% ga oshiradi.

Asus ROG Phone 7 Ultimate

Bundan tashqari Ultimate model orqa tomonidan 2 dyuymli qo'shimcha OLED displeyga ega (oddiy modelda yo'q). ROG Vision nomli ushbu ekran tizim tomonidan zaryadlash holati, kiruvchi qo'ng'iroq yoki o'yin o'ynash kabi 6 xil holatlar aniqlanganda bir-biridan ajoyib animatsiyalarni ko'rsatib turadi. Qolaversa, siz o'zingizning ana shunday shaxsiy animatsiyangizni ham yaratishingiz mumkin.

Oddiy va Ultimate modelni bir-biridan ajratib turadigan yana bir narsa bu ularning xotira konfiguratsiyalarida: ROG Phone 7 modeli 12 GB RAM va 256 GB xotira yoki 16 GB RAM va 512 GB xotira variantlarida taklif qilinsa, ROG Phone 7 Ultimate modeli faqat 16 GB RAM va 512 GB xotira bilan sotiladi. Aytish kerakki, ikkalasining ham xotira texnologiyalari bir xil: LPDDR5X operativ va UFS 3.0 dan ikki karra tezroq ishlaydigan UFS 4.0 doimiy xotira.

ROG Phone 7 modeli 173×77×10.4 mm o'lchamda 239 gramm og'irlikda bo'lib, u oq va qora ranglarda, ROG Phone 7 Ultimate esa bir xil o'lcham, lekin 256 gramm og'irlikda bo'lib, u faqat oq rangda taklif qilinadi.

Narxlar quyidagicha:

  • ROG Phone 7 – 999 yevrodan
  • ROG Phone 7 Ultimate – 1399 yevro

Smartfonlar uchun Yevropa va ba'zi Osiyo davlatlarida oldindan buyurtma berish allaqachon boshlangan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!