Samsung 12 daqiqada quvvatlanadigan grafen akkumulyatorni taqdim qildi

Samsung 12 daqiqada quvvatlanadigan grafen akkumulyatorni taqdim qildi

Sir emaski, bugun barcha kompaniyalar akkumulyator tayyorlash sanoatida ham o‘zlarini sinab ko‘rishga tushib ketganlar. Sababi, gadjetlar soni ortgani sayin quvvatga bo‘lgan ehtiyoj oshib boraveradi. Yirik ishlab chiqaruvchilar ham uzoqqa yetadigan batareyalar yaratish bilan band.

Smartfonlardagi cheklangan batareya va quvvatni tejaydigan turli rejimlar bilan ish bitmaydi. Yangi texnologiya va innovatsiyalar kelajakda odamlarni elektr energiyasi muammosidan xalos qiladi. So‘nggi yillarda Samsung grafen kimyoviy elementini akkumulyator ishlab chiqarishda foydalanish bo‘yicha izlanishlarga pul tikib kelmoqda. Kuni kecha esa koreyalik gigant ushbu materialdan foydalanilgan ilk akkumulyatorni e’lon qildi.

Test natijalariga ko‘ra, yangi batareyada qizishlar kuzatilmagan. Hatto atrof-muhit 60 gradus issiq bo‘lsa ham, akkumulyator barqaror va risoladagidek ishlagan. Bunday akkumulyatorlar kelajakda elektrokarlarni quvvat bilan ta’minlashda ham qo‘l keladi.

Samsung Advanced Institule of Technology (SAIT) muassasasining e’lon qilishicha, grafen texnologiyasi bugungi batareyalarga qaraganda quvvat manbaini 45% ga oshiradi. Grafen kimyoviy materiali sharchalari o‘rin olgan va bugungi kabi hajmdagi batareyalarni quvvatlash uchun 12 minut kifoya qiladi. Hozirda esa bunday akkumulyatorlarni quvvatlashga kamida 1 soat vaqt kerak. Grafen moddasida elektronlar harakati bugun keng foydalanilayotgan kremniyga ko‘ra 140 barobar yuqori bo‘lgani uchun ham, bu element akkumulyator ishlab chiqarish uchun ideal material. Kompaniya o‘zining ishlanmasi uchun patent olgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!