Samsung eng ko‘p sotilgan smartfonini yana chiqara boshladi

  •   DiMaX
  •  3350
  •  13.10.2017 18:30

Samsung eng ko‘p sotilgan smartfonini yana chiqara boshladi

Janubiy koreyalik yetakchi smartfonsoz o‘zining Galaxy J2 smartfoni 2017 yilgi avlodini yaqinda sotuvga chiqaradi. Ishlab chiqaruvchining saytida bu model haqida ma’lumotlar chiqarilganligi shundan dalolat bermoqda.

Eng xaridorgir modellardan

Tahlillarga ko‘ra, aynan Galaxy J2 modeli Samsung kompaniyasining eng ko‘p sotilgan smartfon rusumidir. 2016 yil bo‘yicha eng ko‘p sotilgan Android-smartfonlar orasida ham u ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Hali o‘tgan yili, Galaxy J2 (2016) smartfonining taqdimotidan 2 hafta o‘tib, Samsung uning yanada takomillashgan, Galaxy J2 Pro deb nomlangan talqinini foydalanuvchilariga taqdim etgandi. Yangi talqin o‘sha paytda ishlash samaradorligi bo‘yicha flagmanlardan ham ustun kelgandi.

Xo‘sh, bu yilgisi-chi?

Galaxy J2 (2017) modeliga esa diagonali 4,7 dyuymga teng, QHD sifatli (540x960 pikselli) bo‘lgan Super AMOLED-displey o‘rnatilgan. Smartfonning «yuragi» – 1,3 GGs takt chastotasida ishlovchi to‘rt yadroli Exynos chipseti, ammo uning aniq raqami ko‘rsatilmagan. 2000 mA/soat sig‘imli, olinuvchi batareyasi bu gadjetning suhbat rejimida 12 soatgacha ishlashini ta’minlaydi.

Devaysning tezkor xotirasi 1 gigabaytni, ichki xotirasi esa 8 gigabaytni tashkil etadi. Lekin foydalanish uchun unda atigi 4,3 GB joy bo‘sh, chunki qolgan qismi oldindan o‘rnatilgan ilovalar hamda Android operatsion tizimi bilan band. Lekin 2017 yilgi Galaxy J2’ga qo‘shimcha xotira sifatida 128 GBgacha hajmli microSD-kartasi qo‘yish mumkin.

Galaxy J2 (2017) modelining xususiyatlari:

  • Displey: 4,7 dyuymli, 540x960 pikselli, Super AMOLED;
  • Protsessor: 1,3 GGs chastotali, to‘rt yadroli Exynos chipseti;
  • Xotira: 1 GB tezkor va 8 GB doimiy;
  • Kamera: asosiysi – CMOS-sensorli 5 megapikselli; selfi-kamera – 2 megapikselli;
  • Akkumulyator: 2000 mA/soat;
  • Operatsion tizim: Android.
  • O‘lchamlari va vazni: 136,5x69,4x8,4 mm; 130 gramm.

Ancha takomillashtirilgan

Mazkur qurilma Android operatsion tizimining qaysi talqinida ishlashi Samsung saytida ko‘rsatilmagan. Smartfonda xotirani avtomatik tozalab turish imkonini beruvchi Smart Manager ilovasi mavjud. Shuningdek, 4G / 3G tarmoqlarida trafikni tejovchi Ultra Mods rejimi ham joriy etilgan. Galaxy J2 (2017) ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi va 3,5 millimetrlik auditirqishga ega. Uning korpusi polikarbonatdan ishlangan.

Galaxy J2 (2017) hozircha faqat qora rangdagina taqdim etilmoqda. Xalqaro bozorda uning narxi 114 AQSh dollarini tashkil etadi. Bu rusumdagi smartfon O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi bilan uning narxlarini e’lon qilamiz, bizdan uzoqlashmang.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!