Samsung Galaxy A52 4G Geekbench'da paydo bo‘ldi

Samsung Galaxy A52 4G Geekbench'da paydo bo‘ldi

Model raqami SM-A526B bo‘lgan Samsung Galaxy A52 5G smartfoni o‘tgan oy Geekbench etalon testida o‘zining Snapdragon 750G chipi, 6GB «operativka»si va Android 11 OT bilan ko‘rinish bergandi. Endi esa qurilmaning SM-A525F model raqamiga ega 4G talqini benchmark ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi.

Ko‘rsatilishicha, Galaxy A52 4G smartfoni Snapdragon 720G chipsetiga ega bo‘lib, Android 11 tizimida ishlaydi, tezkor xotirasi esa 8GB.

Qurilmaning 4G versiyasi ham yakka yadroli, ham bir necha yadroli testda 5G talqindan ko‘ra ko‘proq ball to‘plagan. Biroq eslatib o‘tish joizki, har ikkala qurilma ham hali ommaviy ishlab chiqarilishni boshlagani yo‘q, shuning uchun, natijalar sotuvga chiqajak haqiqiy A52'larnikidan farqlanadi.

Galaxy A52'ning 4G va 5G versiyalari o‘rtasida protsessor va tezkor xotiradan boshqa yana farqli jihatlar bor-yo‘qligi hozircha noma’lum. Samsung'ning o‘zidan Galaxy A52 haqida rasmiy ma’lumotga ega bo‘lmasak-da, o‘tgan hafta chiqqan renderlardan smartfon qanday ko‘rinishda bo‘lishini bilib oldik.

Galaxy A52 5G 6.5 dyuymlik, markazida selfi kamera uchun aylanasimon kemtikka ega displey va ekranosti barmoq izi skaneri bilan jihozlanadi. Orqa panelda esa to‘rtburchak modul ichiga joylangan to‘rtta kamera jamlanmasi bo‘ladi.

Galaxy A52 5G, shuningdek, 3.5 mm audio jekka ega bo‘ladi. Qalinligi esa 10 mm (kamera bo‘rtmasisiz 8.4 mm) bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha smartfon vazni haqida aniq ma’lumot mavjud bo‘lmasa-da, sizdirilgan renderlardan ko‘rish mumkinki, qurilmaning orqa paneli plastikdan, yon tomon romlari esa metalldan ishlangan bo‘ladi.

O‘QING: Exynos 2100 protsessorli Galaxy S21+ hamda S21 Ultra flagmanlarini Geekbench’da taqqoslab ko‘rsatishdi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!