Samsung’ning 2019 yilgi eng arzon smartfoni – Galaxy A2 Core nimalarga qodir?

  •   DiMaX
  •  4025
  •  28.03.2019 10:19

Samsung’ning 2019 yilgi eng arzon smartfoni – Galaxy A2 Core nimalarga qodir?

Yaqindagina internetda janubiy koreyalik texnogigantning Galaxy A2 Core modeli haqida ilk ma’lumot paydo bo‘lgandi. Arzon smartfon ekanligi nomidan ham ko‘rinib turgan bu qurilmaning surati Terabayt.uz saytida e’lon qilingan.

O‘QING: Samsung’ning hamyonbop Galaxy A2 Core smartfoni bilan ilk tanishuv!

Endi esa Samsung rasmiy saytida Galaxy A2 Core modelining ayrim texnik jihatlari haqida ma’lumotlar va foydalanuvchi qo‘llanmasi ham paydo bo‘ldi. Garchi A-seriyasiga mansub bo‘lsa-da, yangi smartfon xususiyatlari hatto shu kungacha taqdim etilgan eng hamyonbop Galaxy M10 modelidan ham soddaroq. Shunga qaraganda, u Samsung’ning 2019 yilgi eng arzon smartfoni bo‘ladi.

Galaxy A2 Core devaysida diagonaliga 5 dyuymlik PLS-displey qo‘llanadi. Ekran tomonlari o‘zaro 16:9 nisbatida bo‘lib, tasvir aniqligi 960x540 pikselga teng. Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bu smartfon Exynos 7870 protsessoriga va 1 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. «Yengillashtirilgan» operatsion tizim – Android 8.1 Oreo (Go Edition) boshqaruvi ostida ishlashi uchun unga shu ham kifoya. Smartfonning doimiy xotirasi hajmi hozircha noma’lum, ammo unda microSD-karta uchun alohida uyacha ajratilgan:

Smartfonning bosh kamerasi 5 megapiksellik modulga, f/1.9 diafragmaga va fotochaqnoqqa ega. Old kamera xususida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Samsung maksimal darajada, hatto Galaxy M10’dan ham arzon smartfon tayyorladi!

Galaxy A2 Core akkumulyatorining tok sig‘imi 2600 mA/soatga teng. Korpusi o‘lchamlari 141.6x71x9.1 millimetrga teng bo‘lib, 142 gramm tosh bosadi. Galaxy A2 Core modeli Wi-Fi 802.11b/g/n, Bluetooth 4.2 modullariga hamda FM-radioga ega. Korpusining pastki qirrasida quloqchin uchun 3.5 millimetrlik audiotirqish hamda MicroUSB porti mavjud.

Samsung kompaniyasi 10 aprelda Galaxy A turkumidagi yangi smartfonlarini namoyish etishni rejalashtirgan, ammo ular qatorida Galaxy A2 Core bo‘lmasa kerak. Aftidan, bu hamyonbop modelni ortiqcha shov-shuvlarsiz, taqdimotiga bag‘ishlab biror marosim o‘tkazmasdan sotuvga chiqarib yuborishsa kerak. Rasmiy saytga ma’lumotlari chiqqaniga qaraganda, bu model sotuvga ham tez orada taqdim etiladi.

Darvoqe, Samsung Galaxy A2 Core modelining yaqqol raqibi – Xiaomi Redmi Go xususiyatlari unikidan ko‘ra qiziqroq bo‘lib, uni allaqachon atigi 650 000 so‘m evaziga Terashop.uz internet-do‘konimizdan sotib olish mumkin. Janubiy koreyalik kompaniyaning yangi smartfonlaridan esa Galaxy A30 hamda Galaxy A50 modellarini onlayn usulda xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Nihoyat, Galaxy S10+ ham Terashop.uz’ga keldi! Samsung smartfonlari narxlari (2019 yil 13 mart) – aksiyasi ham bor!