Samsung’ning boshi qotgan: Galaxy S10’larda yana ikkita muammo aniqlandi!

  •   DiMaX
  •  3938
  •  18.03.2019 08:42

Samsung’ning boshi qotgan: Galaxy S10’larda yana ikkita muammo aniqlandi!

Samsung kompaniyasi Galaxy S10 turkumidagi smartfonlarini ochiq savdoga chiqarganiga hali bir haftayam bo‘lmay turib, uning «chala» joylaridan shikoyatlar ko‘paymoqda. Shulardan biri – hali taqdimotdan ham avval aniqlangan bir nuqsonga aloqadordir.

O‘QING: «Jonli» video ishlayotgan Galaxy S10+’ning asosiy kamchiligini «sotib» qo‘ydi!

O‘sha kamchilik sababli, aksessuarlar ishlab chiqaruvchilar Galaxy S10 ekrani uchun himoya shishalari va plyonkalarining har xil variantlarini sinab ko‘rishgan. Ayrimlari hatto barmoq izi skaneri ustidagi joyda bosh barmoq uchun o‘yiq ham qoldirishgan. Ammo Samsung ushbu turkumidgi smartfonlar fabrikaning o‘zidayoq himoya plyonkasi bilan chiqarilishini, u daktiloskopik sensorning ishlashiga xalaqit bermasligini aytdi.

Shunga qaramasdan, amalda vaziyat boshqacharoq bo‘lib chiqdi: ultratovushli barmoq izi skaneri displey yuzasida hech qanaqa himoya vositasi (plyonka yoki shisha) bo‘lmasagina yaxshi ishlar ekan. Zavodda o‘rnatilgan himoya plyonkasi ustidan esa bu datchik barmoq izini tanib olishi qiyinroq bo‘layotganini ko‘pchilik xaridorlar yozishgan. Xullas, Samsung Galaxy S10 egalari o‘zlari uchun qay biri – daktiloskopning tez ishlashi yoki ekranning tirnalishlardan saqlanishi muhimligiga qarab, plyonkani olib tashlashlari yoki qoldirishlari mumkin.

Ushbu flagmandagi ilk nuqson haqida ham yaqindagina yozgandik.

O‘QING: Galaxy S10’larda allaqachon jiddiy nuqson chiqdi! (+«jonli» video)

Lekin Galaxy S10’larda aniqlangan uchinchi «ishkal» anchayin jiddiy bo‘lib chiqdi. Gap shundaki, Samsung ularga yangicha himoya – ekranga tasodifiy teginishlarda qulfdan chiqarmaslik funksiyasini tatbiq etgan. Unga ko‘ra, masalan, smartfon cho‘ntakda yoki sumkada payti uning sensor ekrani o‘chiq holda qolishi kerak.

Biroq amalda mazkur funksiya to‘g‘ri ishlamayotgani haqida ko‘plab foydalanuvchilar turli forumlarda yozishmoqda. Ularga ko‘ra, cho‘ntakda yotgan holida ham Galaxy S10’lar displeyidagi sensor ishlab ketib, smartfonlar o‘z-o‘zidan biror ilovani ishga tushirmoqda, kimlargadir qo‘ng‘iroq qilmoqda va fonarikni yoqib qo‘ymoqda. Ayrim holatlarda esa foydalanuvchilar vibratsiyani payqashgan, smartfonni cho‘ntakdan olib qarashsa, uning juda qizib ketganini ham sezishgan.

Mazkur muammoni hal etishning «xalqona» yo‘li – Always On Display funksiyasini o‘chirib qo‘yish va ekranga ikki marta chertilganda uning faollashuvini uzib qo‘yishdir. Samsung hozircha bu borada biror rasmiy izoh berganicha yo‘q.

Shunga qaramasdan, Galaxy S10 turkumidagi smartfonlar dunyo bo‘ylab yaxshi sotilmoqda. Samsung’ning aksariyat smartfonlari qatori, Galaxy S10 hamda Galaxy S10+ flagmanlarini ham allaqachon Terashop.uz internet-do‘konimizdan onlayn usulda sotib olish mumkin. Xususan, shu kunlarda xarid qilsangiz, «Bahor kayfiyati» aksiyasi doirasida yutuqqa ega bo‘lish imkoni ham yuzaga keladi!

O‘QING: Nihoyat, Galaxy S10+ ham Terashop.uz’ga keldi! Samsung smartfonlari narxlari (2019 yil 13 mart) – aksiyasi ham bor!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.