Samsung o‘z smartfonlari egalarini Android 11 asosidagi One UI 3.0 proshivkasining ochiq sinoviga chaqiryapti!

  •   DiMaX
  •  1125
  •  07.10.2020 11:40

Samsung o‘z smartfonlari egalarini Android 11 asosidagi One UI 3.0 proshivkasining ochiq sinoviga chaqiryapti!

Janubiy koreyalik texnogigant shu paytgacha o‘z smartfonlariga mo‘ljallangan grafik qobiqlarining beta-sinovlariga faqat dasturchilarni kiritar edi. Biroq negadir One UI 3.0 talqiniga kelganida Samsung taktikasi o‘zgardi – uning testlarida oddiy foydalanuvchilar ham ishtirok eta oladilar!

O‘QING: Ushbu 63 xil Samsung smartfon va planshetlari Android 11’gacha yangilanadi!

Shunday qilib, Samsung Electronics kompaniyasi Android 11 operatsion tizim talqini bazasidagi One UI 3.0 grafik qobig‘ining ochiq beta-testini e’lon qildi. Uning doirasida Galaxy S20, Galaxy S20 Ultra, Galaxy S20+ hamda Galaxy S20 Fan Edition (Galaxy S20 FE) flagmanlari egalari yangi proshivkani sinab ko‘rishlari mumkin. Yaqin orada bu ro‘yxatga Galaxy Note 20 hamda Note 20 Ultra fabletlari ham kiritiladi.

Mazkur dasturga hozircha faqat ishlab chiqaruvchining vatani – Janubiy Koreyadagi foydalanuvchilargina kiritilgan. Keyinroq esa boshqa hududlar, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, Polsha, Germaniya, Xitoy va Hindistondagi Samsung flagmanlari egalari ham qo‘shiladi.

Shu paytgacha Samsung One UI 3.0 proshivkasining yopiq beta-testlarida ishtirok etgan dasturchilar uning interfeysidan olingan skrinshotlarni tarqatishgan. Ular juda ko‘pligi bois bu yerda barchasini chiqarishning imkoni yo‘q, qiziqqanlar mana bu havola orqali o‘tib, batafsil (ingliz tilida) tanishib chiqishlari mumkin.

O‘QING: Realme’ning hamyonbop smartfoni AnTuTu’da hatto Galaxy S20 Ultra va Galaxy S20+ flagmanlarini «yer tishlatdi»!