Samsung va Apple mojarosi bo‘yicha sud: mag‘lub tomon 539 million dollarga tushdi!

  •   DiMaX
  •  1089
  •  26.05.2018 12:31

Samsung va Apple mojarosi bo‘yicha sud: mag‘lub tomon 539 million dollarga tushdi!

Patent huquqining buzilishi masalasi bo‘yicha ikkita texnogigant orasidagi mojaro 2011 yildan beri cho‘zilib kelayotgan edi. Kuni kecha shu masala yuzasidan sud qaror chiqardi, deb yozadi Engadget nashri.

O‘QING: Apple va Samsung yana sudda ko‘rishishadi

Sud qaroriga ko‘ra Samsung kompaniyasi patent huquqini buzishda aybdor deb topildi va u Apple korporatsiyasiga 539 million dollar miqdorida tovon to‘lashi to‘g‘risida ajrim chiqarildi.

Aytish kerakki, 2012 yili Apple ko‘rgan ziyonni 1 milliard dollarga baholashgan edi, ishni qayta ko‘rishlar natijasida esa bu miqdor bir necha marta o‘zgartirildi. Nihoyat, Samsung kompaniyasi 548 million dollarni to‘lashga rozi bo‘lgan edi, bu qaror ham AQSh Oliy sudi tomonidan bekor qilindi. Natijada masala yanada chigallashib, cho‘zilib ketdi. Ayni damgacha janubiy koreyalik kompaniya «olmali» korporatsiyaga 399 million dollarga yaqin pul to‘lagan.

Sudning yangi qarorini, tabiiyki, Apple ma’qulladi va dizayn sohasidagi o‘z ishlanmalarining qadrli ekanini ta’kidladi. Samsung esa, ushbu ajrim Oliy sudning qaroriga zid ekanini aytayotir. Janubiy koreyalik kompaniya, «barcha kompaniyalar va iste’molchilar uchun ijodkorlikka va halol raqobatga to‘sqinlik qilmaydigan natijaga erishish uchun barcha choralarni ko‘rish»ini bildirgan.

Demak, hali-veri bu masala yakuniy yechimini topgani yo‘q, voqealar rivojini birga kuzatamiz.

O‘QING: Apple va Xiaomi sudlashmoqda: qaysi gadjet dizayni o‘g‘irlandi?