Smartfon bozori: nafaqat Huawei, balki yana bir xitoylik kompaniya Apple’dan o‘zib ketdi!

  •   DiMaX
  •  2542
  •  31.05.2019 17:16

Smartfon bozori: nafaqat Huawei, balki yana bir xitoylik kompaniya Apple’dan o‘zib ketdi!

Gartner tahlil kompaniyasi joriy yilning birinchi choragidagi smartfonlar savdosi bo‘yicha statistikani e’lon qildi. Unda bir nechta qiziq faktlarga ko‘zimiz tushadi.

O‘QING: Terashop.uz’dagi eng xaridorgir 10 smartfon

Avvalo, eng muhim bozorlarda umumiy savdo ko‘rsatkichlari pasaygan. Qolaversa, Huawei smartfon sotish bo‘yicha Apple’ni quvib o‘tib, ikkinchi o‘ringa chiqib olgan. Bulardan tashqari, yetakchilikka da’vogarlar safiga yana bir nechta brend qo‘shilgan.

Xitoyda smartfon savdosi 3,2 foizga pasaygan bo‘lsa, AQShda bu ko‘rsatkich ancha yirik – naq 15,8%! Umumiy hisobda bu yilning ilk choragida 373 millionta smartfon sotilgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davridagi (383,5 millionlik) ko‘rsatkichdan 2,7 foizga kam.

Samsung ayni damda dunyo bo‘yicha smartfonlar bozorining yetakchisi bo‘lib qolmoqda, ammo uning savdo ko‘rsatkichlari ham 78,5 milliondan 71,6 milliongacha pasaygan. Ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan Huawei esa bozorning 15,7 foiz ulushini egallagan. Birinchi chorakda u 58,4 millionta smartfon sotgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 45 foizga o‘sish, deganidir! Apple smartfonlarining savdosi bo‘lsa 54 milliondan 44,5 milliongacha pasaygan. Kupertinoliklarning bu bozordagi ulushi o‘tgan yilning shu davrida 14,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 11,9 foizga tushib qolgan. Bir yil avval smartfon sotish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘lgan Apple endi uchinchi o‘rin bilan kifoyalanib turibdi.

Reytingdagi keyingi ikkita pog‘onani band etgan Oppo hamda Vivo kompaniyalari BBK xoldingi tarkibiga kiradi. Ularning ikkalasi birinchi chorakda sotgan smartfonlarni qo‘shsak, shu davrda Apple sota olgan ayfonlardan ham oshiq natijani ko‘ramiz! Bu – hali ushbu xolding tarkibidagi yana ikkita brend – OnePlus va Realme’larni hisobga olmagan holdagi vaziyat. Shu tariqa, ushbu omil Apple smartfon bozorida nafaqat Huawei’dan, balki BBK’dan ham orqada, deyish uchun asos bo‘la oladi.

Agarda xitoylik uchta yetakchi smartfonsoz – Huawei, Oppo va Vivo birinchi chorakda sotgan smartfonlarni jamlasak, 115,3 milliontaga yetadi. Bu esa mazkur sanoat gigantlari bo‘lmish Samsung hamda Apple sotgan smartfonlarning umumiy (116,1 millionta) miqdoridan ozgina past ko‘rsatkichdir. Biroq keyingi paytlarda xitoylik smartfonsozlarning savdo ko‘rsatkichlari oshishi tendensiyaga aylanganini inobatga olsak, ikkinchi chorakda bozor qiyofasi o‘zgarishi mumkin.

Lekin oxirgi haftalar ichida bunga xalaqit beruvchi jiddiy omil ham yuzaga kelgan – AQSh hukumati Huawei’ga qarshi jiddiy yurish boshlagan. Shu bois xitoylik texnogigantning smartfon savdosi hozirdan pasaya boshlagan. Demak, voqealar rivojini birga kuzatamiz.

O‘QING: Sanksiyalar o‘z yo‘liga: Huawei hamyonbop Nova 5i smartfonini taqdim etyapti!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!