Smartfoningiz fotochaqnog‘iga qo‘shimcha imkoniyatlar baxsh etuvchi uchta bepul ilova

  •   DiMaX
  •  10352
  •  08.02.2020 12:25

Smartfoningiz fotochaqnog‘iga qo‘shimcha imkoniyatlar baxsh etuvchi uchta bepul ilova

Hozirda yorug‘lik-diodli fotochaqnoq har bir Android-smartfonda bor, ammo undan hammayam unumli foydalanmaydi. Suratga olishda ishlatishdan tashqari, uni faqat biror qorong‘i joydan o‘tayotganda, chiroq o‘chib qolganidagina eslaysiz, to‘g‘rimi?

O‘QING: Android’da keng imkoniyatlar uchun dasturchi menyusini faollashtiramiz

Quyidagi uchta Android-ilova esa smartfoningizning LED-chaqnog‘idan unumli foydalanish imkonini beradi.

1. Flash On Call

Ushbu dasturni mana bu havola orqali o‘rnatib olsangiz, fotochaqnoqni qo‘ng‘iroq yoki SMS-xabar kelganida faollashuvchi indikatorga aylantiradi. Istasangiz, LED-chiroqni messenjerlar yoki ijtimoiy tarmoqlar ilovalarida bildirishnoma kelganida ham ishga tushadigan qilib sozlash imkoni bor.

Bundan tashqari, Flash On Call uyda smartfoningizni topib berish funksiyasini ham bajaradi – buning uchun unga maxsus SMS-xabar yuborsangiz, fotochaqnoq lipillab yonib-o‘chib turadi.

O‘QING: Telefoningizni topib beruvchi bepul Android-ilova

2. Morse Code

Mazkur ilova murakkab vaziyatlarda kishiga madadkor bo‘ladi – u siz tergan matnni Morze alifbosida fotochaqnoq orqali uzatadi. Har qanday so‘z yoki simvolni u nafaqat LED-chiroq pirpirashlari, balki ovozli signallar hamda vibratsiyalar orqali morze alifbosida ijro eta oladi.

Morse Code tizimning almashuv buferini ham qo‘llab-quvvatlaydi – boshqa ilovalardan nusxalab olingan matnni unga tashlab, tezlikda Morze alifbosiga o‘girib uzatish mumkin. Uni smartfoningizga mana bu yerdan yuklab olsangiz bo‘ladi.

O‘QING: 11 dekabr – Morze alifbosida birinchi qit’alararo signal yuborilgan sana

3. Shake Light

Bu dastur sizga smartfonni shunchaki silkitish bilan LED-chaqnoqni ishga tushirish imkonini beradi. Hattoki qurilma bloklangan va ekrani o‘chiq bo‘lgan payti ham bu funksiya ishlayveradi.

Shake Light ilovasini mana bu yerdan ko‘chirib olib o‘rnatgach, sozlamalarida fotochaqnoqning fonar sifatida ishga tushirilishi uchun kerak bo‘ladigan silkitish darajasini o‘zingiz belgilaysiz. Agarda smartfoningiz cho‘ntak yoki sumka ichida bo‘lsa, ilova uning LED-chirog‘ini yoqib yubormaydi.

O‘QING: Android-smartfonning old kamerasiga virtual fotochaqnoq qo‘shamiz