Smartfoningiz «qotib» ishlayotgan bo‘lsa...

  •   DiMaX
  •  11556
  •  16.02.2018 11:49

Smartfoningiz «qotib» ishlayotgan bo‘lsa...

Hozirda tezkor va ichki xotirasi yirik hajmli ko‘plab smartfonlar taqdim etilmoqda, lekin foydalanuvchilar ishlatayotgan telefonlarning aksariyati  bu jihatdan uncha yuqori ko‘rsatkichlarga ega emas. Shunday ekan, foydalanish jarayonida ular «og‘irlashib», chala ishlab, «qotib», orada o‘chib qolishi hollari uchraydi.

O‘QING: Kompyuter va smartfonlar buzilishining bosh sabablari

Keshni tozalaymiz

Agarda sizda ham shu kabi muammolar uchrayotgan bo‘lsa, birinchi navbatda qurilmangizni ortiqcha fayllardan tozalashingiz lozim. Keshni va xotirani tozalash orqali smartfoningizni anchagina yengillashtirib olishingiz mumkin. Buni amalga oshirish uchun esa, devaysingizning operatsion tizimidan kelib chiqib, quyidagi maqolalarimizdan birida keltirilgan tavsiyalarga nazar soling:

O‘QING: iPhone yoki iPad keshi va xotirasini tozalaymiz

O‘QING: Android’da keshni tozalaymiz

Agarda tozalashdan keyin ham smartfoningiz tezlashib ketmasa, unda masala jiddiyroq ko‘rinadi. Endi boshqa ayrim sozlamalarni uzib qo‘yish orqali uni yengillashtirishga o‘tamiz. Jumladan...

«Google qidiruvi»ni uzib qo‘yamiz

Dastlabki sozlamalariga ko‘ra, Android-smartfonlarda «Google qidiruvi» («Poisk Google») servisi faol holatda turadi. Bittagina shu servisni uzib qo‘yish yordamida ham telefonni tezlashtirish mumkin.

Faqat yodda tuting: «Google qidiruvi» servisini uzib qo‘ysangiz, smartfoningizda ovozli qidiruv hamda Google Now ilovasi ishlamay qoladi. To‘g‘ri, bular juda qulay, ammo hamisha ulardan foydalanmasligingizni inobatga olsak, smartfoningizning tezlashgani foyda.

«Google qidiruvi» servisini uzib qo‘yish Google Chrome brauzeridagi oddiy qidiruvga aslo ta’sir etmaydi, faqatgina ovozli matn terish va ovozli qidiruv ishlamaydi, xolos.

Xullas, «Google qidiruvi»ni uzib qo‘yishga qaror qilgan bo‘lsangiz, buni quyidagicha amalga oshiramiz:

«Sozlamalar» («Nastroyki») ilovasini ochib, u yerdagi «Ilovalar sozlamalari» («Prilojeniya») bo‘limiga kiramiz. Odatda bu bo‘limda ayni damda ishlayotgan ilovalar, qo‘shimcha yuklangan ilovalar, barcha ilovalar alohida varaqalarda ko‘rinadi. Shu yerdan «Vse» – barcha ilovalar aks ettirilgan varaqaga o‘tamiz.

Topish oson bo‘lishi uchun, ilovalarni hajmi bo‘yicha («Uporyadochit po razmeru») saralaymiz. Endi ular orasidan «Poisk Google» (yoki «Google Search»)ni topib, ustiga bosamiz. Ochilgan oynachada ketma-ket tarzda ilovani «To‘xtatish» («Ostanovit»), «Uzib qo‘yish» («Viklyuchit»), «Ma’lumotlarni o‘chirish» («Steret dannie») hamda «Keshni tozalash» («Ochistit kesh») amallarini bajaramiz.

Endi smartfoningizni bitta o‘chirib-yoqsangiz, natija yaqqol namoyon bo‘ladi. Shundayam gadjet tezlashib ketmasa, u holda «Hard Reset» usuliga murojaat etishga to‘g‘ri keladi.

«Hard Reset» orqali tezlashtiramiz

Aytish kerakki, bu – smartfoningizni tezlashtirish uchun uni ilk sozlamalariga qaytarish usulidir. Dastlabki sozlamalariga qaytarish – boshqa usullar foyda bermaganida qo‘llanadigan oxirgi chora hisoblanadi. Zero, bunda barcha ma’lumotlar, jumladan, undagi akkaunt, login va parollaringiz, foto va videolaringiz hamda boshqa fayllaringiz ham butkul yo‘qolib ketadi.

Shu bois ham dastlab ularni Google akkauntingiz orqali sinxronizatsiya qilib qo‘ying. Keyin esa, sozlamalari yap-yangidek bo‘lib qolgan qurilmangizga o‘sha akkauntingizni kiritib, yana sinxronlashingiz mumkin.

Shuningdek, bu jarayonni boshlashdan avval, har ehtimolga qarshi, uning doimiy xotirasidagi barcha fayllaringizni kompyuterga ko‘chirib olib qo‘yish ham zarar qilmaydi.

«Hard Reset» usuli orqali smartfonni tozalash va tezlashtirish haqida quyidagi maqolamizdan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin:

O‘QING: Android sozlamalarini dastlabki holatiga qaytarish

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.